Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Romitanda sayyor qabul o‘tkazdi
2024-10-31 22:05:00 / Yangiliklar

Qabulda viloyat hokimining o‘rinbosari Firuza Ibragimova, tuman ma’muriy sektorlari rahbarlari, tuman Xalq qabulxonasi, viloyat hamda tumandagi mas’ul korxona, tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etishdi.
Sayyor qabulga kelgan 70 nafar xotin-qizning murojaatlarini shaxsan qo‘mita raisi o‘rinbosari tinglab, tegishli tashkilot va idoralarga murojaatlarni hal etish yuzasidan topshiriq va tavsiyalarini berdi. Qabulda xotin-qizlarning uy-joy ta’miri, bandligini ta’minlash, oliy ta’lim kontrakti, tibbiy yordam, tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish, subsidiya ajratish va oila-turmush masalasidagi nizolari yuzasidan murojaatlari eshitilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Sayyor qabulda o‘z muammolari bilan murojaat qilgan fuqarolardan 13 nafari Buxoro shaxridagi “Artel” kompaniyasi korxonasiga ishga joylashtirildi, 2 nafar ehtiyojmand ayolning uy-joyi “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan ta’mirlab beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, bir nafar fuqaroga nogironlik nafaqasi tayinlandi. Qolaversa, 3 nafar fuqaroning davolanishi uchun order berilgan bo‘lsa, yana 7 nafar fuqaroga imtiyozli kredit mablag‘i ajratish uchun hokim yordamchilari tomonidan tavsiyanomalar tayyorlab berildi.
Sayyor qabul tufayli nogironligi mavjud bo‘lgan 6 nafar fuqaroga reablitatsiya vositalari berildi. Shuningdek, 4 nafar "Ayollar daftari"ga kiritilgan xotin qizga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan subsidiya asosida tikuv mashinkalari yetkazib berilgani qulay imkoniyat bo‘ldi. Imtiyozli kredit asosida 2 nafar fuqaroga motokultivator uskunasi berilgani, 3 nafar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh qizlarimizning to‘lov shartnomalari "Yoshlar daftari" orqali to‘lab berilayotgani ular uchun yana bir imkoniyat.
Bundan tashqari, 4 nafar boquvchisini yo‘qotgan, ota-onasi vafot etgan xotin-qizga belgilangan tartib asosida shartnoma to‘lovlarini to‘lab berish uchun sertifikatlar berilgan bo‘lsa, 2 nafar fuqaroning aliment masalasi, gaz, elektr ta’minoti, kadastr bo‘yicha qilingan murojaatlari ham tegishli tashkilotlar tomonidan joyida bartaraf etilgani maqsadga muvofiqdir.
Yana bir jihati, sayyor qabulda Yosh kelin-kuyovlarni o‘qitish markazida tahsil olayotgan 13 nafar juftlik bilan "Muqaddas oila" mavzusida seminar-treninglar o‘tkazilib, o‘quvni tugatgan bo‘lg‘usi oila vakillariga sertifikatlar berildi. Shu kuni sudda ajrim masalasida ariza bergan 5 ta oila bilan yarashtirish ishlari olib borilgani natijasida 3 ta oila yarashtirishga erishildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mukarram Nurmatova viloyatga xizmat safari doirasida Romitan tumani "BCT" klasterining "O‘ba" mahallasidagi fermer xo‘jaliklari paxta dalalarida bo‘lib, terimda katta xirmonga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlar huzurida ham bo‘ldi. “Oq oltin”ni nest-nobud qilmasdan saranjomlab, yig‘ishtirib olishda jonbozlik ko‘rsatayotgan chevar xotin-qizlardan bir guruhiga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









