Botir Zaripov Malayziya Parlamenti Senati raisi o‘rinbosari bilan uchrashdi
2024-10-27 12:20:00 / Yangiliklar

Viloyat rahbari dastlab Buxoroda har jihatdan puxta va yuqori saviyada tashkil etilgan saylov jarayonlari haqida to‘xtaldi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqqani, parlamentlararo, hukumatlararo, ishbilarmonlik aloqalari sezilarli faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, yuqori martabali mehmonga mamlakatimizda, xususan, Buxoro viloyatida barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, turizm yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi turizm obyektlari, ziyorat turizmi uchun yaratilgan qulay imkoniyatlarga alohida to‘xtaldi.
O‘z navbatida Nur Jazlan Mohammad ko‘hna kentda kechayotgan o‘zgarish va yangilanishlarga bevosita guvoh bo‘lganini ta’kidlab, bunyodkorliklar shiddatiga yuqori baho berdi.
— Bundan avval Buxoroga 2009-yilda kelgan edim, – deydi Malayziya parlamenti Senati raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Mohammad. – O‘tgan davr mobaynida juda katta o‘zgarishlar amalga oshirilibdi. Buxoro haqiqatan ham turizm poytaxtiga aylanib boryapti. Tashrifimiz davomida parlamentlar o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarimiz o‘z natijasini berayotganiga guvoh bo‘ldim. Kelgusida o‘zaro hamkorligimiz yanada mustahkamlanadi, deb o‘ylayman.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda kelgusida hududlararo savdo-iqtisodiy, investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









