Botir Zaripov Buxoro muhandislik-texnologiya instituti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar bilan uchrashdi
2024-10-26 20:15:00 / Yangiliklar

Shunga ko‘ra, bugun, 26-oktabr kuni viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro muhandislik-texnologiya institutida bo‘ldi.
Dastlab viloyat rahbariga oliy ta’lim muassasasidadagi istiqbolli ilmiy-innovasion ishlanmalar, tijoratlashtirish loyihalari taqdimot qilindi. Jumladan, energiya iste’moli ob’yektlarini “yashil energetika”ga o‘tkazish uchun samarador rag‘batlantirish tizimini ishlab chiqish va joriy qilish, sanoat korxonalari tutun gazlarini tozalash texnologiyasini yaratish, binolarni issiqlik sarfi iste’moli va samaradorlik sinfini avtomatik aniqlash kabi bugungi kun uchun dolzarb sanalgan loyihalar viloyat hokimida ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu yerda xonadon.bmti.uz platformasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ma’lumot berilishicha, ushbu onlayn platforma fuqarolar, qurilish kompaniyalari va hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Fuqarolar tenderlarni ko‘rish, xonadonlar haqida ma’lumot olish va qurilish jarayonini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Botir Zaripov muhandislik yo‘nalishidagi bunday ilg‘or startap va innovatsion loyihalar “qog‘oz”da qolib ketmasligi kerakligini, ularni ishlab chiqarishga keng joriy etish zarurligi ta’kidladi.Bu borada mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimizning topshirig‘iga ko‘ra, Buxoro muhandislik-texnologiya institutida “O‘zbekneftegaz” AJ hamkorligida “KIBERNEFTGAZ” ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etilgan.
Bunda o‘quv xonalarda mashg‘ulot qurilmalari, simulyatorlar, zamonaviy dasturlar, VR zonalar mavjud. Mazkur maktabda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yurtimizda mavjud bo‘lmagan muhandislik yo‘nalishlari – tannarx muhandisligi, qiyoslash muhandisligi, qayta muhandislik yo‘nalishlari o‘qitilib, ishlab chiqarishda muammoli vaziyatni hal etishga qodir kadrlarni tayyorlash maqsad qilingan.
Botir Zaripov mazkur maktab faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng viloyat rahbari institut talabalari bilan muloqot qildi. Ochiq, samimiy tarzda o‘tgan muloqot davomida yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi. Talabalar o‘zlarining o‘qish sharoiti, kelgusi rejalari haqida gapirdi, ularni hayotga tatbiq etishda maslahat va ko‘mak so‘radilar. Har bir taklif va tashabbusni o‘rganib chiqish hamda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ullarga vazifalar yuklatildi.
Viloyat rahbari talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida institutning talabalar turar joyini borib ko‘rdi. Botir Zaripov yotoqxona talabalari bilan samimiy suhbatda bo‘ldi. Suhbat davomida viloyat rahbari bugun ulardan kutilayotgan narsa, avvalo, o‘zlari yashayotgan hamda ta’lim-tarbiya olayotgan maskanlarini hurmat qilishlari va o‘z uylaridek tutishlari, undan keyin oldilariga qo‘ygan maqsad sari faqat va faqat oldinga harakatda bo‘lishlari zarurligini uqtirdi.
Talabalarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamoat tartibini saqlashga ko‘maklashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirishga ko‘maklashish maqsadida mazkur oliy ta’lim muassasasida “Qalqon” jamoatchilik guruhi tashkil etilgan.
Botir Zaripov mazkur guruh a’zolari bilan ham muloqot qilib, jamoatchilik guruhining talabalar xavfsizligini ta’minlash, ular o‘rtasida huquqbuzarlik, jinoyatchilikning oldini olish hamda ta’lim muassasasini xavfsiz hududga aylantirish borasidagi ishlariga muvaffaqiyat tiladi. Institut rahbariyatiga bunday ko‘nggilli, vatanparvar yoshlarni doimiy rag‘batlan tirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









