Gʻijduvon: “Soktari”da 24-sonli DMTT ishga tushirildi
2024-10-25 19:45:00 / Yangiliklar

Buni ba’zi raqamlar misolida ko‘rsak, jumladan, 2021-yil avgust holatiga binoan, tumanda maktabgacha ta’lim tashkiloti 226 tani tashkil etgan bo‘lib, shundan 67 tasi davlat, 157 tasi nodavlat va 2 tasi davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim maskani hisoblanardi.
Bugunga kelib esa tumanda maktabgacha ta’lim tashkilotlari jami soni 391 taga yetkazilgani quvonarli, albatta. Joriy yil sentyabr oyi holatida bu muassasalarning 75 tasi davlat, 310 tasi oilaviy nodavlat, 6 tasi esa davlat xususiy sherikchiligi asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Bolajonlar qamroviga to‘xtalsak, hududda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 12 ming 187 nafar, nodavlat MTT lariga 9 ming 311 nafar tarbiyalanuvchi qatnovi ta’minlanmoqda. Gʻijduvonliklarning jajji farzandlarini bog‘chaga jalb qilishga doir ko‘rsatkich hozirda 83 foizga yetkazilgan bo‘lib, joriy yil yakuniga qadar bu miqdorni yanada oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Bu borada yana bir loyiha "Soktari" MFY da amalga oshirildi. Aholi talab va murojaatlaridan kelib chiqqan holda o‘tgan oylarda Soktari aholi punktida 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi qurib bitkazilgani ko‘plarni xursand qildi.
Tuman hokimligi, ma’muriy sektor shtabi, quruvchilar jonbozligi tufayli ikki qavatli inshoot o‘z vaqtida va sifatli qurib bitkazildi. Ushbu 24-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti endilikda soktariliklarning 120 nafar jajji o‘g‘il-qizini o‘z bag‘riga olmoqda. Muassasada bolajonlar uchun shinam mashg‘ulot va dars xonalari, oshxona va yotoqxona, sport maydonchasi talab darajasida shay qilingan.
Soktaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini foydalanishga topshirish tadbirida tuman mutasaddilari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, mahalla faollari hozir bo‘ldilar. Alvon lenta qirqilgach, yig‘ilganlar bolalar bog‘chasida ertamiz egalari uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




