Buxoro tumani: "Bog‘idasht"da “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo qilinmoqda
2024-10-21 18:20:00 / Yangiliklar

Qurilish sohasida borayotgan ishlarni samarali tashkil etish, jumladan, zamonaviy andozalar asosida shaharsozlik qoida-me’yorlariga mos “Yangi O‘zbekiston” massivlari va shinam ko‘p xonadonli uylar qurish ko‘lamini kengaytirish, bunda ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish maqsadida viloyatimizda ham qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ayni kunda qurilish tashkilotlari, shuningdek, ipotekaga yo‘naltirilgan tijorat banklari bilan hamkorlikda Buxoro tumani "Bog‘idasht" MFY da ajratilgan 44 gektar yer maydonida “Yangi O‘zbekiston” zamonaviy turar joy majmuasini barpo qilishga jadal kirishilgan.
Mazkur massiv tarkibida umumiy hisobda 97 ta 7 va 9 qavatli imorat qurilishi loyihalashtirilgan bo‘lib, jami 6128 ta xonadonga ega bu turar joy uyga ehtiyojmand oilalarga uzoq yillik ipoteka krediti asosida taqsimlab beriladi.
Bundan tashqari, obod qilinayotgan massivda 15 ta 7 qavatli va jami 784 ta xonadonga mo‘ljallangan zamonaviy turar joy binolari qurilishi rejalashtirilgan. Albatta, hademay kichik shaharcha ko‘rinishini oladigan bu manzilda aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish inshootlari, tibbiyot, ta’lim maskani, boshqa zarur muassasalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish taqozo etilmoqda. Loyihalarga binoan, bunda 2 ta 990 o‘rinli umumta’lim maktabi, 2 ta 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, yana 1 ta 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi, qolaversa, 250 qatnovga ega oilaviy poliklinika, “ekobozor” va yoshlar kovorking markazini qurib, talab darajasida jihozlab ishga tushirish mo‘ljallangan. Bolalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun hududda sport va bolalar maydonchalari ham qurilishi rejalashtirilgan.
Mazkur massivda olib borilayotgan loyiha va qurilish bunyodkorlik ishlari viloyat hokimligi, ma’muriy sektor kundalik o‘rganishlari va nazorati ostida. Xususan, hududda ko‘zga tashlanayotgan muammolarga yechim topish maqsadida viloyat hokimining o‘rinbosari Jalol Arashov rahbarligida tegishli mas’ul idora va tashkilotlar hamda qurilish-pudrat tashkilotlari ishtirokida shtab yig‘ilishi o‘tkazib borilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









