Jondor: “Ushot” — tandirsozlar qishlog‘i xorijiy sayyohlar bilan gavjum
2024-10-21 11:05:00 / Yangiliklar

Bunda tandir yasashda oilaviy an’analarini davom ettirib kelayotgan shajara va sulolalar borligi ham ana shu hunarga bo‘lgan mehr va e’zozdan darak. Qishloqda tandirsozlik an’analarini davom ettirib kelayotgan oilalar qatorida jumladan, Gʻaybullo Mo‘minov, O‘lmas Musayev, aka-uka Jamshid va Jamil Jabborovlar, Orif Boltayev singari oilaviy sulolalar vakillarini sanab o‘tish mumkin.
Muhimi, bugunga kelib tandirsozlik hunari eskirmagan, aksincha, “ustoz-shogird” an’anasi asosida navqiron avlod qo‘lida sayqal topib, ota-bobolardan qolgan hunar rivojlantirilmoqda. Birgina Ushot qishlog‘ida hozirda 150 dan ortiq oila ushbu qadim kasb-kor bilan shug‘ullanib, shu halol mehnat orqasidan daromad topib, orzu-havaslarini ko‘rib kelmoqda. Ular tomonidan har yili 20 mingdan ortiq tandir tayyorlanib, nafaqat viloyat tumanlari, mahalla va qishloqlariga, boshqa viloyatlarga ham buyurtma asosida tayyorlab, yetkazib berilmoqda.
Ushotda nafaqat tandirsozlik, nafis kashtachilik, so‘zanachilik, zardo‘zlik san’ati ham davom ettirib kelinmoqda. Shuningdek, ushotlik qandolatpazlar tomonidan tayyorlanayotgan qandolat mahsulotlari, milliy shirinlik va holvalarning ham xaridorgirligi ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, ayni kunda 4 mingga yaqin aholisiga ega qishloqning “drayveri”dan kelib chiqib, bunda “Ushot— hunarmandlar mahallasi” tashkil etilgani ayni muddao.
Ko‘hna va boqiy Buxoroning boy madaniy, tarixiy merosi, o‘z bag‘rida bir necha asrlik tarix sir-sinoatini saqlab kelayotgan mahobatli yodgorliklari, ziyoratgohlari bugun har galgidan gavjum. Aynan Ushot qishlog‘ida bugun xorijiy sayyohlar oqimi ko‘paymoqda. Yaqinda fransiyalik sayyohlar tumanda diqqatga sazovor manzillarni ko‘zdan kechirib, Ushotda—usta hunarmandlar qishlog‘ida bo‘ldilar. Bu manzilda nafaqat tandirsozlik, balki, paxta va ipak matolaridan yaratilayotgan nodir qo‘l mehnati namunalari, tikuvchilik va to‘quvchilik mahsulotlaridan bahramand bo‘ldilar.
Azаldan xalqimiz dasturxonining aziz ne’mati – non yopiladigan tandirlar chet elliklar e’tibori va qiziqishini oshirgandi. Ular tandir yasash jarayonini bevosita kuzatdilar.
Bugunga kelib Ushot mahallasida 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, bunda hunarmandchilik, dehqonchilik, issiqxona, chorvachilik xo‘jaliklari, tadbirkorlik rivojlanmoqda. Joriy yil o‘tgan oylarida ushotliklar uchun mahalla guzari, oilaviy poliklinika, hunarmandchilik markazi, go‘zallik saloni, maishiy xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik inshootlari qurib foydalanishga topshirilgani barchani xursand qilmoqda. Ko‘chalar tartibga keltirilib, yuzdan ziyod tungi yoritkich o‘rnatilgani, bolalar o‘yingohlari barpo qilingani, bolalar bog‘chasi qurilgani, qolaversa, umumta’lim maktabi, to‘rtta bolalar bog‘chasi, o‘nlab tadbirkor hamda fermer xo‘jaligi faoliyat yuritayotgani yuqoridagi fikrimiz dalili.
Darvoqe, mahalladagi hunarmandchilik markazida 150 dan ziyod xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Ular kashtachilik, zardo‘zlik, tikuvchilik va qandolatchilik bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, bu yerda hunarmandchilikning tandirchilik yo‘nalishi rivojlanayotgani nafaqat mahalliy, balki xorijiy mehmonlar qiziqishini oshirmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








