Shofirkon: “Qoraulon” shifokorlik punkti foydalanishga topshirildi
2024-10-07 10:05:00 / Yangiliklar

“Qoraulon” shifokorlik punkti zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlangan bo‘lib, unda laboratoriya, EKG (elektrokardiogramma), UTT (ultratovush tekshiruvi), akusher-ginekologiya, emlash, va stomatologiya xonalari mavjud. Bunda aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Shuningdek, punktda kunduzgi statsionar bo‘lib, unda 6 ta o‘rin mavjud. Bu yerda bemorlar zarur davolash va diagnostika xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Qolaversa, ayni kunda hududda 50 dan oshiq homilador ayol va 1-guruh nogironligi bo‘lgan 5 nafar, shuningdek, ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan 47 nafar fuqaro mazkur tibbiy xizmatlaridan foydalanishmoqda.
Mazkur shifokorlik punktining yangi binosi "Jo‘ynav sity savdo baraka" MCHJ tomonidan barpo qilindi. Qurilish uchun jami 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, Botir Sobirov rahbarligidagi quruvchilar jamoasi o‘tgan oylarda bu inshootda belgilangan ishlarni bekamu ko‘st uddaladilar.
Shifokorlik punktining ochilish marosimi tantanaga aylandi. Tadbirda tuman hokimi Alisher Fayzullayev boshchiligidagi jamoatchilik vakillari, tibbiyot birlashmasi xodimlari, mahalla ahli ishtirok etdilar. Marosimda so‘zga chiqqanlar qoraulonliklarni yangi maskan bilan samimiy tabriklab, bu tibbiyot muassasasining aholi salomatligini saqlash va yaxshilashdagi o‘rni xususida to‘xtaldilar. Qurilishda jonbozlik ko‘rsatganlarga alohida minnatdorlik bildirildi.
Zamonaviy tipdagi inshootning ramziy lentasi qirqilgach, mehmonlar bunda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








