Shofirkon: "Chitgaron"dagi monomarkaz tufayli chevarlar safi kengaymoqda
2024-09-28 16:05:00 / Yangiliklar

Mahalla binosida shu yerlik chevar tadbirkor Mahbuba Hamroyeva rahbarligida "Mono markaz" tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmadi. Markazda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan "usta-shogird" asosida hunarmandchilik o‘rgatila boshlandi.
Bu markazda asosan tikuvchilik bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilingan bo‘lib, ishsiz xotin-qizlar uchun uch oylik maxsus ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda. Mazkur kurslarga 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar jalb qilinib, ular kasb-hunar o‘rganmoqda. Hozirga qadar 20 nafar xotin-qiz shu markazda o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlab, maxsus sertifikat asosida ish boshlagan bo‘lsa, ayni kunda 18 nafar ayol shu kursda mahorat egalaridan bichish-tikishni puxta o‘rganmoqda. Hademay, kursni bitirib chiqishganidan keyin ularga ham uy xo‘jaligida yakka tartibda ishlab daromad topishlari uchun subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinkalari bepul olib beriladi.
Darvoqe, kursning dastlabki bitiruvchilari orasida markazda sertifikatga ega bo‘lgach, tumanda yirik "Amirtex" fabrikasida doimiy ish bilan ta’minlanganlar ham talaygina. Shuningdek, o‘quv markazining o‘zida 8 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ular qo‘li bilan monomarkazda turli buyurtmalar asosida kiyim-kechak, choyshab, fartuk, qo‘lqop kabilar bejirim tikib, ko‘rgazmali o‘rgatilmoqda. Bu nafaqat ustoz-shogird chevarlar kasbiy ko‘nikmasini oshirish, ular oilasiga daromad olib kirish, balki mahalla rivojlanishiga ham salmoqli hissa qo‘shadi.
Birgina Chitgaron mahallasidagi har bir ehtiyojmand ayol uchun bu monomarkaz aytish joizki, yangi imkoniyatlar eshigini ochib berganini Marhabo Eshonova ish faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Ko‘rpa, ko‘rpacha va yostiq tikib tayyorlash xalqimizning azaliy udumlaridan, qo‘l mehnati namunalaridan. Azaldan o‘zbek xonadonida bu kabi chevarlik mahsulotlari e’tibor bilan, zeb berib tikilgan. Asrlar davomida saqlanib kelayotgan bu udum, har bir ko‘rpa va ko‘rpacha o‘zida milliy urf-odatlarimiz va mehmondo‘stlik an’analarini ifodalaydi.
Marhabo Eshonova ham ko‘p yildirki, shu an’anani davom ettirib, ko‘rpa va ko‘rpachalar tikish bilan shug‘ullanib keladi. Shubhasiz, qavib tikilgan har bir ko‘rpa yoki ko‘rpachada chevarlar mashaqqati, mehr va didi yotibdi. Marhabo opa ana shunday hunarni ardoqlab, nafaqat o‘z oilasini, balki qo‘ni-qo‘shni, qishloqdoshlar xonadoni, kelinchaklar sepini ham o‘z qo‘lidan chiqqan bejirim, momiq paxtali mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda. Hozirda u yosh havaskor tikuvchilar ustozi sifatida o‘z hunarini ishonchli qo‘llarga meros qilib qoldirish niyatida farzandlariga qunt bilan o‘rgatmoqda.
Ne baxtki, onasining etagidan tutgan Qurbonoy Eshonova ham ayni kunda chevarlikka mehr qo‘ygan. Ko‘rpayu ko‘rpacha qavish bilan birga, u bolalikdan qiziqishini namoyish etib, kashtachilik hunarini puxta o‘zlashtirmoqda. U bu nozik amaliy san’at turini qisqa vaqt ichida egallab, milliy naqsh va naqshinkor jiyaklar solishni, ko‘hna va yangicha uslubni qorishtirib, buyurtmalari sonini ko‘paytirishni eplamoqda.
Qurbonoy bir yildan ko‘proq mustaqil ishlashga o‘tib, o‘z qo‘llari bilan joynamozlar, yostiq jildlari, yopinchiqlar, qo‘l sumkalari, turlicha kashta naqshi solingan chevarlik buyumlarini yaratmoqda. Bu mahsulotlar nafaqat nafis ko‘rinishi, balki sifat jihatidan ham mijozlarning mehrini qozonmoqda. Qurbonoy chevarning ijodi kashtachilikni yangidan kashf qilish barobarida bu sohada shogird yetishtirish imkonini ham berdi. Shu bois, hozirda u o‘ndan ortiq kashtachi qizlarni tayyorlab, ularga qadim hunar—kashtado‘zlik sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








