Shofirkon: Ilg‘or maktab mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi
2024-09-27 11:25:00 / Yangiliklar

Ta’lim-tarbiya ishlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani tufayli ayni kunda mazkur maktab respublika reytingida 13-, viloyat miqyosida 4- va tumanda esa peshqadamlikni band qilib turibdi.
Maktab ishlari omilkorlik bilan olib borilayotgani samarasi o‘laroq, bunda tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlar orasida fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvlarida yuqori natijalarni qayd qilayotganlari ham talaygina. Aniqrog‘i, so‘nggi o‘quv yilida tumanda 12 ta, viloyat miqyosida 8 ta hamda respublika miqyosida 3 ta bellashuvda yutuqqa erishilgan.
Ayni kunda bu dargohda 39 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 13 nafari oliy toifali mutaxassislardir. Chet tili va boshqa fanlar bo‘yicha 10 nafar o‘qituvchi milliy sertifikatga ega ekanligi muassasa mavqei va ta’lim sifatini yanada oshirmoqda.
Shubhasiz, qilinayotgan mehnatga yarasha ta’lim dargohi bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirishida ham yuqori natijalarga erishilmoqda. Jumladan, 2023-2024 o‘quv yilida bitiruvchilarning 92 foizi o‘zi tanlagan institut va oliygoh talabasi bo‘lgan.
Joriy yilda ta’lim maskani "Open budjet" loyihasida g‘olib bo‘lib, 1 milliard 350 million so‘mni qo‘lga kiritdi. Bu mablag‘ maktabning o‘quv binosi, sport zalini ta’mirlash ishlariga sarflandi. Shu bilan birga, maktab hovlisida ham keng ko‘lamda obodonlashtirish ishlari olib borilib, o‘quv dargohi butunlay yangicha qiyofaga kirdi.
Bunda Tuyg‘un Rahmatov boshchiligidagi "G‘ijduvon umumqurilish sifat" MCHJ binokorlari jonbozlik ko‘rsatdilar.
Maktabning zamonaviy qiyofadagi binosini foydalanishga topshirish marosimida tuman hokimi Alisher Fayzullayev boshchiligidagi mas’ullar, jamoatchilik vakillari, faxriy o‘qituvchilar, maktab jamoasi ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar tomonidan yangicha bino va sharoitlar bilan maktab jamoasi, yoshlar hamda mahalla ahli qutlandi.
Zamon talablari asosida mukammal ta’mirdan chiqqan o‘quv binolari, sport zali, sanitariya tarmog‘i, zarur moddiy-texnik imkoniyat yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilishi va barkamol avlodga yuqori sifatli ta’lim olishi uchun zamin hozirlashi e’tirof etildi.
Ramziy lenta qirqilgach, mehmonlar inshootda ertamiz egalari uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









