Kogon: “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida Geofizika mahallasida yana bir muvaffaqiyatli loyiha
2026-01-09 18:45:00 / Yangiliklar
Kogon tumanida aholi bandligini taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholining daromad manbalarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar oʻz samarasini bermoqda. Xususan, “Har bir oila—tadbirkor” dasturi doirasida oʻnlab tashabbuskor fuqaro oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyib, barqaror daromad manbaiga ega boʻlmoqda.

Shunday tadbirkorlar qatorida “Geofizika” mahalla fuqarolar yigʻini, Navroʻz koʻchasida yashovchi yosh tadbirkor Javohir Eshonqulovni ham eʼtirof etish lozim. U mazkur dastur doirasida hokimning mahalladagi yordamchisi tavsiyasi asosida 10 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻini olib, bu sarmoya hisobidan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qildi hamda oʻz xonadonida ishlab chiqarish sexi faoliyatini yoʻlga qoʻydi.
Ayni kunda yosh ishbilarmon tomonidan uy sharoitida 10 turga yaqin turli xil qandolat mahsulotlari tayyorlanmoqda. Shirinliklar sifati va xaridorgirligi tufayli qisqa fursatda doimiy mijozlariga ega boʻldi. Buyurtma koʻpayib, ish hajmi oshgani sayin qandolatpaz va uning oila aʼzolari qoʻli-qoʻliga tegmayapti. Albatta, mehnatga yarasha moddiy manfaatdorlik ham oshmoqda.
Mazkur tashabbus Javohir Eshonqulov va uning oila aʼzolarini ham daromadli qilib, turmush tarzini yaxshiladi. Shu qatorda bu kabi tashabbuslar hududda rivojlantirilayotgani aholi bandligini taʼminlash, mahalla va qishloq odamlari turmushi sifatini oshirishda muhim qadam boʻlmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




