Sarhisob: “Prezident Olimpiadasi” final bosqichi hamda joriy yil davomida qilichbozlik sport turi boʻyicha nufuzli chempionat gʻolib va sovrindorlari taqdirlandi
2025-12-29 17:30:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida mamlakatimizda uchta bosqichdan iborat “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining yoʻlga qoʻyilgani iqtidorli yoshlarni saralashning yangicha tizimini vujudga keltirdi.

Vatanimiz sport sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya etadiganlar safini yanada kengaytirishga xizmat qiladigan mazkur sport musobaqalarining ilk bosqich bahslari - “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” oʻyinlari joriy yilning may, iyun va avgust oylari davomida yuqori saviyada tashkil etildi.
Yengil atletika, taekvondo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, badiiy gimnastika, stol tennisi, boks, dzyudo, ogʻir atletika, basketbol 3x3 boʻyicha mahoratli yoshlar joriy yil noyabr oyining uchinchi oʻn kunligi va dekabr oyining birinchi oʻn kunligida “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarida raqobatlashishdi.
Quvornarlisi, “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” sport musobaqalarining respublika final bosqichi — “Prezident Olimpiadasi”da buxorolik 47 nafar mahoratli sportchilar gʻolib va sovrindor boʻlishdi.
Qolaversa, joriy yil davomida qilichbozlik sport turi boʻyicha jahon (bir nafar), Osiyo (8 nafar) va Oʻzbekiston (1 nafar) chempionatida gʻolib va sovrindorlar safidan oʻrin egallashdi.
Albatta, bu natijalar ortida yillar davomida tinimsiz mashgʻulotlar, murabbiylarning fidoyiligi hamda ota-onalarning doimiy qoʻllab-quvvatlashi mujassam ekanini alohida eʼtirof etish lozim.
Bugun ushbu gʻolib va sovrindor sportchilar tantanali ravishda taqdirlandi. Ularga pul mukofotlari va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









