Shofirkon: “Pattaxon”dagi 35-sonli maktab zamonaviy sport zaliga ega boʻldi
2025-12-29 16:25:00 / Yangiliklar

Zamon talablari asosida mukammal taʼmirlangan maktab fasadidan tortib, ichki, kommunal va issiqlik tizimlarigacha barcha jihatlari bilan zamonaviy qurilish standartlariga javob beradi. Bu oʻz navbatida oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Zamonaviy qiyofaga ega boʻlgan va ayni kunda 420 oʻquvchi oʻrniga ega mazkur taʼlim maskani shu kunga qadar talab darajasidagi sport zaliga ega emasdi. Mahalla aholisi, pedagog oʻqituvchilar va sportsevar yoshlar talab-istaklariga muvofiq, standart talabiga javob beradigan sport zali qurib berilgani ayni shu kunlarda, yangi yil bayrami oldidan pattaxonliklar uchun munosib bayram sovgʻasi boʻldi.
Taʼlim muassasasida zamonaviy andozadagi sport zali ochilishida tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, pedagog oʻqituvchilar va ular shogirdlari hozir boʻldilar. Tadbirda taʼkidlanganidek, bu sport zali yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishi, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish hamda iqtidorli sportchilarni “kashf etish”da muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur sport inshooti xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining 2025-yil 24-fevraldagi qarori asosida mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari, respublika byudjetidan ajratilgan ssuda hamda maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan barpo etildi. Sport zali loyihasining umumiy qiymati 1 milliard 90 million soʻmni tashkil etib, qurilish ishlari “Fast quality building” MCHJ tomonidan amalga oshirildi.
Inshoot ramziy alvon lentasi qirqilgach, tadbirda yigʻilganlar mazkur sport zalidagi imkoniyatlar, bunda sport toʻgaraklari va yosh sportsevarlar uchun yaratilgan imkoniyat bilan yaqindan tanishdilar. Umuman, loyiha taʼlim muassasalarida infratuzilmani yaxshilash, oʻquvchilar uchun qulay va zamonaviy imkoniyat yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









