Buxoro tumani: “AKSA ENERGY BUKHARA”—energetika tizimi muhim boʻgʻiniga aylanmoqda
2025-12-26 11:00:00 / Yangiliklar

Umumiy quvvati 270 megavattni tashkil etuvchi issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Ushbu koʻrsatkich Buxoro viloyati aholisining qariyb 70 foiz elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qoplashga xizmat qilmoqda. Natijada hududda elektr taʼminoti barqarorligi oshib, uzilishlar kamaymoqda. Sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarining uzluksiz faoliyati uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.
Turkiyaning “AKSA ENERGY” kompaniyasi tomonidan qurilgan mazkur gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi faoliyati viloyat va tuman hokimligi kundalik oʻrganishlari va nazorati ostida. Bu stansiyaning texnologik jarayoni, ishlab chiqarish quvvati, xavfsizlik va ekologik talablar asosida faoliyat yuritishi standart talablariga mos.
Hududi 6 gektar maydonni egallagan va 150 million AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobidan amalga oshirilgan loyiha viloyatning nafaqat energetika barqarorligini taʼminlashga, balki hudud iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga sezilarli hissa qoʻshmoqda. Xususan, yangi ish oʻrinlari yaratilgani, zamonaviy texnologiyalar joriy etilgani mahalliy infratuzilmani rivojlantirish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, mazkur loyiha mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay investitsion muhitning amaliy vositasi hamdir. Energetika sohasidagi bunday yirik va zamonaviy loyihalar kelgusida iqtisodiy oʻsish, aholi turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashda muhim omil hamdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









