Botir Zaripov ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar bilan muloqot qildi
2025-12-25 20:25:00 / Yangiliklar

Buxoro shahridagi Kasbiy koʻnikmalar markazida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida viloyatimizda faoliyat koʻrsatayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, respublika davriy va internet nashrlari, telekanallarining viloyatimizdagi muxbirlari, jurnalist va blogerlar, jamoatchilik vakillari, qolaversa, mutasaddi tashkilot va idoralar rahbarlari, deputatlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida soʻz olgan viloyat hokimi Botir Zaripov dastlab tadbir qatnashchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, bloger va jurnalistlarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
— Avvalo, barchangizni tobora yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklayman. Fursatdan foydalanib, Buxoroda boʻlayotgan oʻzgarish va yangilanishlarni faol yoritib, jamoatchilikni keng xabardor qilayotganingiz, Hurmatli Prezidentimizning Buxoroni yanada rivojlantirish borasidagi islohotlari, gʻoya va tashabbuslari mazmun-mohiyatini tezkorlik va xolislik bilan odamlarga yetkazayotganingiz, qolaversa, mavjud muammolar va kamchiliklar haqida roʻy-rost gapirayotganingiz, koʻrsatayotganingiz uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.Chunki keyingi yillarda yurtimizda Hurmatli Prezidentimiz rahbarliklarida soʻz erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yoʻlida keng imkoniyatlar ochilmoqda. Bu esa media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, oʻrni va nufuzini yanada kuchaytirmoqda. Fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini oʻrganish va hal qilish borasida sizlarning oʻrningiz va taʼsiringiz tobora ortib borayotganini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Xususan, qurilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, kommunal tizimdagi kamchiliklar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolar boʻyicha berib borilayotgan tanqidiy va tahliliy materiallar joylarda mudrab oʻtirgan ayrim rahbar va mutasaddilarni uyqudan uygʻotib, yangicha ishlab, odamlarning tashvishi bilan yashashga majbur qilmoqda. Qisqa qilib aytadigan boʻlsam, faol jurnalistlarimiz, blogerlarimiz oʻzlarining qatʼiy pozitsiyasi, haqqoniy soʻzi bilan hayotimizdagi oʻtkir muammolarni hal etish, islohotlarning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshmoqdalar. Shu uchun barchangizga yana bir bor rahmat, deyman. Bu boradagi mashaqqatli, shu bilan sharafli ishlaringizga omad tilayman, - dedi Botir Zaripov.
Shundan soʻng viloyat rahbari joriy yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shahar va tumanlarda jumladan, qishloq xoʻjaligi, sanoat va ishlab chiqarish, qurilish, sogʻliqni saqlash, yoshlar taʼlimi, sport, investitsiya, sayyohlik sohalarida, boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, joylarda ishsizlikni bartaraf etish, kambagʻallikni qisqartirishda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar xususida maʼlumot berdi.
Oʻz navbatida, matbuot anjumanida ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan qator savollarga viloyat hokimi hamda mutasaddilardan batafsil javob oldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









