Buxoroda ham “Prezident archasi” bayram tadbiri oʻtkazildi
2025-12-25 18:05:00 / Yangiliklar

Tadbirga oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, mahallalarda istiqomat qilayotgan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, shuningdek, Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hamda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida halok boʻlgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlari taklif etildi. Ular uchun yaratilgan bayramona muhit, yangi yil archasi atrofidagi quvonchli lahzalar chinakam shodiyonaga aylandi.
Unda viloyat hokimi Botir Zaripov soʻzga chiqib, bolajonlarni Yangi yil bayrami bilan qutladi. Oʻqishlariga omad tilar ekan, ularni yangi va yuksak marralarni zabt etishga undadi.
Tadbir davomida viloyat hokimi hamda masʼul tashkilotlar rahbarlari tomonidan bolalarga “Prezident sovgʻalari” tantanali ravishda topshirildi. Yurtboshimizning otalarcha gʻamxoʻrligi ramzi boʻlgan ushbu sovgʻalar tarkibiga bolalarning taʼlim olishi va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga xizmat qiluvchi 24 nomdagi oʻquv qurollari, shuningdek, bolajonlar sevib isteʼmol qiladigan 34 nomdagi shirinlik mahsulotlari kiritilgan. Oʻquv qurollari va shirinliklardan iborat tuhfadan oʻgʻil-qizlarning koʻngli shod boʻldi.
“Prezident archasi” oʻrnatilgan katta sahnada madaniy bayram tadbiri boshlandi. Qorbobo va qorqiz ishtirokida viloyat teatri ijodiy jamoasining mehr-oqibat, ezgulikning yovuzlik ustidan hamisha gʻolib chiqishi, inson farzandi doimo yaxshilik va xayrli ishlarga intilib yashashi haqida hikoya qiluvchi ertak-spektakl namoyish qilindi. Bayramona bezatilgan archa atrofidagi shoʻx qoʻshiq, tarona va raqslar, bolajonlarga olam-olam quvonch, shodlik va hayajon, koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Maʼlumot oʻrnida shuni alohida taʼkidlash lozimki, yangi yil tadbirlari doirasida jami 610 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj bolajonlarga "Prezident sovgʻalari" taqdim etildi.
Nafaqat viloyat markazi, balki har bir shahar va tumanda yangi yil bayrami munosabati bilan tashkil etilgan “Prezident archasi” tantanalari ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan oilalar farzandlarini keng qamrab olgan holda zoʻr uyushqoqlik bilan oʻtmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








