Botir Zaripov “Muruvvat uyi”dagi bolajonlarga “Prezident sovg‘asi”ni topshirdi
2025-12-25 17:20:00 / Yangiliklar

Bu yil ham Yangi yil munosabati bilan tayyorlangan bayram sovg‘alari Buxoro viloyatiga yetib keldi. 610 nafar bolajonlarga atalgan ushbu qutlug‘ tuhfalar “Prezident archasi” bayram tadbirlari doirasida tantanali ravishda topshirilmoqda.
Xususan, bugun viloyat hokimi Botir Zaripov “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyida tarbiyalanayotgan bolajonlarni davlatimiz rahbari nomidan Yangi yil bayrami bilan tabrikladi. Ularga baxtu saodat, kelajakda Vatanga munosib insonlar bo‘lib kamolga yetishiga omad tiladi. Prezidentimizning Yangi yil sovg‘alarini topshirdi.
Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari ishtirokidagi tomoshalar, baxtli bolalik, go‘zal diyorimiz madh etilgan qo‘shiqlar, sho‘x kuylar bolalarga bir olam zavq bag‘ishladi.
Ma’lumot o‘rnida: Internat uyi 1970-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2020-yilda davlat byudjetidan ajratilgan 311 million so‘m mablag‘ evaziga qayta ta’mirlangan. Ayni kunda bu muassasada davlat ijtimoiy muhofazasiga olingan bolalar soni 246 nafarni tashkil qiladi.
Ularga 14 nafar tor doiradagi shifokor, 32 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, qolaversa, 92 nafar tarbiyachi xizmat ko‘rsatmoqda. Muassasa moddiy-texnik imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida 2020-yilda 15 milliard so‘mdan oshiqroq, 2021-yilda esa 14 milliard 214 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ayni kunda ikki qavatli maskanni obodonlashtirish, atrofini ko‘kalamzorlashtirish, bu yerdagi bolalarga zarur shart-sharoitni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, maskanda kunduzgi parvarishlash xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









