Peshku: “Bozorobod” toʻyxonasida 10 nafar bolajonning sunnat toʻyi oʻtkazildi
2025-12-24 19:45:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan, Peshku tumanida ham yangi 2026-yil kirib kelishi munosabati bilan qator xayrli tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri sifatida hududda umrguzaronlik qilayotgan ehtiyojmand, ijtimoiy muhofazaga olingan oilalar farzandlaridan 10 nafarining sunnat toʻyi marosimi tashkil qilindi.
“Oʻgʻlon” mahalla fuqarolar yigʻinidagi “Bozorobod” toʻyxonasida boʻlib oʻtgan bu xayrli tadbirda turli mahallalardan saralangan, oilalari moddiy jihatdan qiyin ahvolda boʻlgan 10 nafar bolajonning sunnat toʻyi boʻlib oʻtdi. Tuman hokimligi va Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi tomonidan tashkillashtirilgan toʻy marosimida bolalar uchun milliy liboslar, esdalik sovgʻalari tayyorlanib, ular sharafiga bayram dasturxoni yozildi.
Sunnat toʻyi munosabati bilan soʻzga chiqqan tuman hokimi Hayot Davlatov va nuroniylar vakillari yurt ozodligi, istiqlol tufayli yurtimizda tinchlik, barqarorlik va xalq manfaatini koʻzlagan ezgu saʼy-harakat izchil davom ettirilayotganini eʼtirof etdilar. Koʻpni koʻrgan otaxonu onaxonlar bolajonlarga oʻzlarining ezgu tilaklarini izhor qilishib, duoga qoʻl ochdilar.
—Shunday kunda bizni unutib qoʻymasdan, farzandlarimizni xursand qilib, mushkulimizni yengillatgan tuman hokimligi, barcha tashkilotchilar, homiy tadbirkorlarga oʻz minnatdorligimizni bildiramiz,—deydi “Xoʻlbor” MFYda yashovchi, toʻybolalardan birining otasi Azizbek Azimov.—Oʻgʻlim Muhammadalining sunnat toʻyini koʻpdan niyat qilib yurardik, ammo qoʻlimiz kaltalik qilib qolganida mahalla va tuman hokimligi bizning tashvishimizni aritdi. Bundan juda xursandmiz.
Albatta, bu kabi insonparvarlik tashabbuslari xalqimiz oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlashga, farzandlarimizni Vatanga muhabbat va insonparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Shuningdek, toʻy tadbirida xushovoz xonandalar chiqishlari, bolalar uchun oʻyin-kulgi, shoʻx tomoshalar, konsert dasturi tashkillashtirilgani barchaga bayramona kayfiyat, davraga fayz ulashdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









