Buxoro tumani: “Zarmanoq” mahallasida “Sangina Shohjahon” MCHJ xotin-qizlarni ish bilan taʼminlamoqda
2025-12-24 14:25:00 / Yangiliklar
Ayni kunda 180 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Buxoro tumanida oʻzini oʻzi boshqarish idoralari va ular tarkibidagi 120 dan oshiq mahalla, qishloq va koʻcha qiyofasi, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini mustahkamlash barobarida mahalla infratuzilmasini yaxshilash, aholi ijtimoiy muammolariga yechim topish, biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, ishsiz va daromadsiz xonadonlarga daromad manbaini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, “Zarmanoq” MFYda istiqomat qiluvchi Shuhrat Teshayev rahbarligidagi “Sangina Shoxijahon” MCHJ bir necha yildirki, mehnat jamoalari uchun maxsus kiyim tikish bilan shugʻullanadi. Korxona faoliyati nafaqat sifatli mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan, balki mahalladagi xotin-qizlar bandligini taʼminlashga ham xizmat qilmoqda.
Bugunga kelib “Sangina Shohjahon” MCHJ kasanachilik asosida 20 nafar ishsiz xotin-qiz bandligini taʼminlab, ular oilaviy byudjetini mustahkamlashiga yordam bermoqda. Shuhrat Teshayevning tashabbusi nafaqat oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, balki mahalladagi xotin-qizlarni mustaqil daromad topish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
Ayni paytda ular kasanachilik orqali daromad topib, mahalla iqtisodiyotiga ham hissa qoʻshmoqdalar. Tadbirkor Shuhrat Teshayev va uning jamoasi mahalladosh xotin-qizlar uchun ish beruvchi sifatida boshqa tadbirkorlarni ham ish oʻrinlari yaratishga ilhomlantirmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








