Xitoyning “Guangzhou public transport group” kompaniyasi delegatsiyasi Buxoroda
2025-12-22 14:10:00 / Yangiliklar

Asosiy yoʻnalishlar—shahar jamoat transportini boshqarish, logistika, “aqlli” transport yechimlari, muqobil energiya manbalari, transport vositalari uchun servis xizmatlari va boshqalarni oʻz ichiga oladi. 2024-yil yakunlari boʻyicha mazkur koʻp tarmoqli kompaniyaning umumiy yillik daromadi 1,4 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda.
“Guangzhou public transport group” (GPTG) kompaniyasi vakillaridan iborat delagatsiya joriy yil 20-24-dekabr kunlari yurtimizda, jumladan, viloyatimizda boʻlib, investitsiya muhiti, xorijiy biznes vakillariga yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishmoqda.
Bugun mazkur kompaniya delegatsiyasi Buxoro viloyati hokimining oʻrinbosari Rizo Asadov bilan uchrashib, muzokara olib bordi.
Muloqotda GPTG va mahalliy transport kompaniyalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, viloyatda transport logistika markazini tashkil etish, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini barpo etish, shuningdek, shaharda jamoat transporti xizmatini yaxshilash, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportiga doir takliflar muhokama qilindi.
Oʻz navbatida, xitoylik ishbilarmon doira vakillari delegatsiyasi rahbari, “Guangzhou public transport group” kompaniyasi general direktorining oʻrinbosari Liu Vei samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun viloyat hokimligiga oʻz minnatdorligini bildirib, yaqin oylarda qator jabhalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bayon qildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








