Shofirkonda ham stomatologiya sohasi rivojlanib, aholiga sifatli va kafolatlangan tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda
2025-12-20 16:40:00 / Yangiliklar

Hozirda tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi muassasalarda jami 18,5 shtat birligida malakali stomatolog vrach faoliyati yoʻlga qoʻyilgani mavjud imkoniyatdan dalolat, albatta. Jumladan, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada 4 ta, oilaviy poliklinikalarda 8 ta hamda oilaviy shifokorlik punktlarida 6,5 ta shtat birligi asosida stomatolog vrach aholiga birlamchi tibbiy yordam koʻrsatmoqda.
Asosiysi, barcha stomatologik kabinetlar zamonaviy tibbiy texnologiyalar, yangi avlod stomatologik qurilmalar, sterilizatsiya vositalari va sifatli plomba ashyolari bilan toʻliq jihozlangan. Bu esa tashxis qoʻyish va davolash jarayonlarini tezkor, xavfsiz hamda samarali amalga oshirish imkonini bermoqda.
Davlat tomonidan joriy etilgan “Kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi” doirasida tuman aholisi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar aʼzolari uchun stomatologik xizmatlar bepul koʻrsatilmoqda.
Jumladan, 18 yoshgacha boʻlgan bolalar, homilador ayollar, 13 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarga chalingan bemorlar, nafaqada boʻlgan fuqarolar stomatologik birlamchi tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish huquqiga ega. Bu esa bolalar va keksalar salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlanishi va asoratlari oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur xarajatlar “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish doirasida 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilayotgan hududlarda aholiga rejalashtirilgan statsionar tibbiy yordam elektron navbat asosida bepul koʻrsatiladi. Bunda soliq toʻlovchilar, voyaga yetmaganlar, talabalar, homilador ayollar, ishsizlar, pensiya yoshidagilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” orqali kam taʼminlangan deb topilgan fuqarolar bu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.
Shuningdek, bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar, yetim bolalar, baynalminalchi askarlar hamda endokrin, sil va onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga stomatologik xizmatlar boʻyicha imtiyozli tibbiy yordamlar koʻrsatib kelinmoqda.
Umuman, ayni kunda Shofirkon tuman tibbiyot birlashmasida stomatologik xizmatlar zamon talablari asosida, aholiga yaqin tashkil etilgan. Shuningdek, tuman markazidagi “Marjona” va boshqa xususiy stomatologiyalar faoliyati bu borada sogʻlom raqobat va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish muhitini shakllantirmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




