Qorakoʻl: "Yangi Oʻzbekiston" massivi kengaymoqda
2025-12-20 15:50:00 / Yangiliklar
Oʻtgan 2024-yil davomida Gʻijduvon, Qorakoʻl va Buxoro tumanlaridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlari hamda uy-joyga talab yuqori boʻlgan boshqa hududlarda jami 7,5 ming xonadonga ega 130 ta koʻp qavatli uy-joy barpo etilgani boshpanaga muhtoj oilalar talab va ehtiyojini qondirmoqda.

Aholi talab va murojaatlaridan kelib chiqqan holda Qorakoʻl tumanidagi "Yangi Oʻzbekiston" massivida umumiy 240 xonadondan iborat bir dahlizli va har biri 5 qavatdan iborat 12 ta turar joy qurilishi oʻtgan yildan boshlangan. Ayni kunda hududda pudrat korxonalari binokorlari qurilish-butlash, jihozlash ishlarini olib bormoqdalar. Tuman hokimligi esa bu jarayonda kundalik nazorat va qurilish, obodonlashtirish ishlarini muvofiqlashtirib bormoqda.
Qayd etish lozimki, ayni kunda chekka tumandagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida 426 ta xonadonga moʻljallangan 19 ta koʻp qavatli zamonaviy turar joy majmuasiga koʻplab oilalar koʻchib kelishni boshlagan. Joriy yil yakuniga qadar har biri besh qavatdan iborat, yana 3 ta turar joy inshooti, 69 ta xonadon foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan. Bu shinam kvartiralar boshlangʻich badal va tijorat banki imtiyozli kredit mablagʻi evaziga egalariga topshirilayotgani aholi uchun ham qulay imkoniyatdir.
Asosiysi, kyelgusi 5 yil davomida esa bu yerdagi koʻp qavatli turar joy soni 70 taga, aholi xonadonlari esa 1400 taga yetkazilayotgani, hududda zarur infratuzilmani yaratish, bolalar bogʻchasi, umumtaʼlim maktabi, tibbiyot poliklinikasi va boshqa muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga boʻlgan ehtiyojni qondirmoqda.
Maʼlumotlarga toʻxtalsak, oʻtgan davr mobaynida massivda 330 oʻringa moʻljallangan taʼlim maskani, shuningdek, 240 oʻrinli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, davlat-xususiy sherikchiligi asosida yana 120 oʻrinli zamonaviy bolalar bogʻchasi va kuniga 100 qatnov oʻrniga moʻljallangan oilaviy poliklinika binolari ham qurib bitkazilgan. Ayni paytda massiv hududini obodonlashtirish, qurilish ishlarini sifatli va belgilangan muddatda yakunlash ishlari jadal bormoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








