Botir Zaripov xitoylik sarmoyadorlarni qabul qildi
2025-12-18 21:25:00 / Yangiliklar

Xabar berganimizdek, ayni paytda Xitoyning “Yongtai modern agriculture Co., Ltd” kompaniyasi general direktori Van Chensyan, “Kashi Changsheng Technology Co., Ltd” kompaniyasi boshligʻi Juan Chjenshen, “Xinjiang Choumian Seed industry Co., Ltd” kompaniyasi boshligʻi Yan Chjen Yan, “Xinjiang Kashi Hongtong Pipe industry Co.,Ltd” kompaniyasi bosh direktori Syuy Shiy kabi yirik sarmoyadorlardan iborat delegatsiya Buxoroda boʻlib turibdi.
Qayd etish lozimki, mazkur kompaniyalar agrosanoat majmuasida paxtani yigiruv, toʻqimachilik va tikuvchilik sanoati tarmogʻidagi yirik ishlab chiqaruvchilar hisoblanadi. Aniqrogʻi, ular paxta sanoati ishlab chiqarish va qayta ishlash “zanjiri”ni boshqarish bilan shugʻullanadigan kompaniyalar hisoblanadi.
Xitoy kompaniyalari Buxoro viloyatida choʻl-yaylov yerlarini oʻzlashtirish hisobiga paxta yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Paxta dalalari va tolalarni qayta ishlash zavodlari 20 ming gektar maydonni egallaydi. Xitoyliklar u yerda paxtaning yuqori hosildor navini yetishtirishni moʻljallamoqda.
Investitsiya loyihasi tafsilotlari Xitoy delegatsiyasining viloyat hokimi Botir Zaripov bilan kechgan uchrashuvida keng muhokama qilindi. Tomonlar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish va tegishli yer uchastkalarini tanlash toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Bugun investorlarga Peshku va Shofirkon tumanlarida boʻlib, foydalanishdan chiqqan, biroq xorijiy tajriba asosida hosil yetishtirish imkoni mavjud choʻl yerlarini koʻzdan kechirishdi. Ertaga xorijiy mutaxassislar tavsiya qilingan navbatdagi hudud – Gʻijduvon tumanida oʻzlashtirilmagan yerlarni oʻrganish, mavjud infratuzilma bilan yaqindan tanishishadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









