Buxoroda “Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni” keng nishonlandi
2025-12-13 22:45:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Buxoro shahridagi “Rudizar” tantanalar majmuasida fayzli dasturxon yozilib, musiqiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda oʻzlarining mashaqqatli va fidokorona mehnatlari bilan viloyat ahlining farovon hayoti yoʻlida xizmat qilayotgan, yurtimizda sohani rivojiga hissa qoʻshayotgan qishloq xoʻjaligi fidoyilari, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan viloyat hokimi Botir Zaripov soha vakillarini qishloq xoʻjalik xodimlarini erishgan muvaffaqiyatlari, sohadagi yutuqlari bilan qizgʻin tabrikladi.
Fidokorona mehnati bilan tuproqdan noz-neʼmat undirib, xalqimiz dasturxonini toʻkin qilib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlar, mohir bogʻbon va chorvadorlarga, omilkor agronom va mexanizatorlar, klasterlarning tajribali rahbarlari va xodimlari, soha faxriylariga oʻzining hurmat-ehtiromini va ezgu tilaklarini bildirdi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda global iqlim oʻzgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligi qishloq xoʻjaligi sohasida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Ana shunday murakkab sharoitga qaramasdan, joriy yilda viloyatimizda 525 ming tonna don, 402 ming tonnadan ortiq paxta, 1,3 mln tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 570 ming tonna meva va uzum, 280 ming tonna kartoshka, 330 ming tonnadan koʻp goʻsht va 1,2 mln tonnadan ziyod sut, 3,2 ming tonna pilla yetishtirildi.
— Albatta, bunday ulkan yutuqlarga erishishda Hurmatli Prezidentimiz tomonlaridan keyingi yillarda qishloq xoʻjaligi rivojiga berilayotgan yuksak eʼtibor, tarmoqda tub tarkibiy oʻzgarishlar amalga oshirilayotganligi muhim omil boʻlmoqda. Ayniqsa, sohaga ilgʻor agrotexnologiyalar, ilm-fan va innovatsiya yutuqlari keng joriy etilayotgani ijobiy natija bermoqda. Bu yil 31 ming gektar maydonda kasallik va zararkunandalarga chidamli serhosil gʻoʻza navlari ekilib, ulardan moʻl hosil yetishtirilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. Gʻallachilikda resurs tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllash natijasida oʻrtacha hosildorlik 80 sentnerga yetkazildi. 1 000 dan ortiq tajribali fermerlarimiz bu borada 90-100 sentnerlik marrani zabt etganlarini alohida taʼkidlash lozim, - dedi Botir Zaripov.
Qayd etilganidek, resurslarni tejaydigan intensiv texnologiyalar asosida
8 ming gektar maydonda sabzavot yetishtirilib, hosildorlik anʼanaviy usulga nisbatan 200-250 sentnerga oshgani, sof daromad gektaridan 6-8 ming dollarni tashkil etgani ham muhim yutuqlarimiz qatoriga kiradi.
Yil davomida qishloq xoʻjaligi subyektlariga 1 trln soʻm imtiyozli kredit va 65 milliard soʻm subsidiya ajratilgani, umumiy qiymati 195 mlrd soʻmlik 287 dona yuqori unumli zamonaviy texnika va agregatlar yetkazib berilgani ham mavsumni samarali yakunlashda muhim omil boʻldi.
Shuningdek, dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun 20 ming gektar yer maydonlari 80 ming nafardan ortiq ijtimoiy muhtoj aholi hamda yoshlarga boʻlib berilgani va 100 mingdan ziyod ish oʻrni yaratilgani qishloqda bandlikni taʼminlash, real daromadlarni oshirish, kambagʻallikni qisqartirishda muhim rol oʻynamoqda.
Tomorqachilikda daromadni oshirish maqsadida 117 ta mahalla “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashtirildi.
Chorva naslini yaxshilash va mahsulot hajmini koʻpaytirish uchun aholiga 14 ming bosh qoramol, 23 ming bosh qoʻy va echki yetkazib berildi, chetdan 14 ming bosh zotdor mollar olib kelindi.
Muxtasar aytganda, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida joriy yilda qishloq xoʻjaligi ekinlaridan aholimiz 47 trln soʻm daromad oldi.
Albatta, bunday keng koʻlamli fidokorona mehnatlar yuksak eʼtirof va mukofotga loyiqdir. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan buxorolik dehqonlarning ham mehnati munosib baholanib, joriy yilda klaster rahbarlari va mirishkor-dehqonlar, usta tomorqachilar davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlanishdi.
Hosil bayramida agrar sohada fidoyilik namunasini koʻrsatayotgan bir guruh soha vakillariga “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi fidoiysi”, “Oʻzbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi”, “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi aʼlochisi”, “Ilgʻor fermer” koʻkrak nishonlari tantanali tarzda topshirildi. “Buxara Varnet” masʼuliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi taʼsischisi Xurshit Ilyasga “Faxriy fuqaro” maqomi berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma taqdim etildi.
Shuningdek, fidokorona mehnatlari bilan soha rivojiga hissa qoʻshgan faxriylarga ham alohida ehtirom koʻrsatildi.
Bundan tashqari, soha xodimlari va mavsum davomida jonbozlik koʻrsatgan masʼullarga viloyat hokimligining tashakkurnomasi, qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Tadbir viloyatimiz sanʼat ustalari, taniqli estarada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturiga ulanib ketdi. Sanʼatkorlarning xonishlari bayramga oʻzgacha ruh baxsh etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









