Buxoro shahri: “Toshmachit” mahallasida ham tikuvchilik sexlari kengaymoqda
2025-12-04 21:05:00 / Yangiliklar

Ehtiyojmand toifaga mansub oila aʼzolariga yaratilayotgan imkoniyat, tadbirkorlik tashabbuslariga koʻrsatilayotgan koʻmak va yangi ish oʻrinlarining tashkil etilayotgani mahalladoshlar turmush tarzi yaxshilanishiga zamin yaratmoqda. Shu mahallada yashovchi hunarmandlardan biri Barno Avazova.
U tikuvchilik hunarini daromad manbaiga aylantirish borasida tashabbus koʻrsatib, oʻz oldiga qatʼiy maqsad qoʻygan. Mahalla koʻmagida unga tijorat bankidan imtiyozli tartibda 80 million soʻm kredit mablagʻi ajratilgani juda qoʻl keldi. Bu sarmoya evaziga u ijaraga joy olib, zamonaviy tikuv mashinalari bilan jihozladi va chevarlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi.
Bugunga kelib Barno Avazova ish faoliyati orqali 6 nafar ishsiz ayolning bandligini taʼminladi. Yaqingacha qoʻlida hunari boʻlaturib ishsiz va daromadsiz qolgan chevarlar endilikda barqaror daromad manbaiga ega boʻlishdi. Ishchilarining har biriga 2,5 million soʻmdan oylik ish haqi tayinlangan. Birgina tashabbus va xayrixohlik tufayli mahallada oʻnga yaqin oila halol peshona teri evaziga moddiy manfaatdorlikka erishmoqda. Ular Barno Avazova rahbarligida tikuvchilikni oʻrganib, hunari ortidan ishlab kam boʻlmayotganidan mamnun.
Hozirda mohir tikuvchi ayol sexida har kuni buyurtma asosida turli xil liboslar tikib tayyorlanib, buyurtmachi xaridorlarga yetkazilayotgani hisobidan oylik daromad 15 million soʻmdan oshirilmoqda. Barno Avazova singari chevar hunarmandlar safi kengaygani sari har bir mahallada qoʻl mehnati rivoj topib, xonadon bekalari turmush tarzi yaxshilanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati



