Shofirkon: talisafedlik Feruza Sodiqova quroqchilikdan yaxshigina moddiy manfaat topmoqda
2025-11-27 15:20:00 / Yangiliklar

Feruza Sodikovaning tikuv xonasida bugunga kelib oʻndan ortiq turdagi milliy mahsulot, ayniqsa, kelin-kuyov, yosh oilalar uchun moʻljallangan koʻrpacha, yostiq, soʻzana kabi serjilo matolardan tikib tayyorlangan toʻshamalar xaridori chaqqon. Mehnatsevar ayol turli matolar qirqimlaridan quroqchilikda milliy naqshinkor, noyob uslublarini zamonaviy did bilan uygʻunlashtirib, mijozlariga manzur boʻladigan mahsulotlar yaratish ustida izlanishda.
Feruzaning yana bir xayrli ishi—oʻz hunarini qishloqda chevarlikka ishtiyoqmand qizlarga astoydil oʻrgatishga tayyorligidir. “Ustoz-shogird” anʼanasini davom ettirayotgan chevarning hozirda qoʻli ostida 5 nafar shogirdi tikuvchilikni oʻrganmoqda. Bu esa buyurtmalar, ishlab chiqarish hajmini oshirayotgani barobarida milliy hunarmandchilik anʼanalarining avloddan-avlodga oʻtishiga xizmat qilmoqda. Bir oilaning milliy hunarmandchilik asosidagi tadbirkorlik faoliyati esa barqaror daromad manbaiga aylanib, ayni paytda oylik tushum 7–8 million soʻmni tashkil etmoqda.
Umuman, Shofirkon tumanining bir tomoni Peshkoʻ tumani, bir tomoni esa Qizilqum choʻliga tutash Yangiqishloq, Iskogare, Chuqurak, Joʻynav, Gʻulomte, Talisafed kabi mahallalarida bugunga kelib 7 mingta xonadon, 10 mingdan ortiq oila umrguzaronlik qilayotgan boʻlib, ular tarkibidagi aholi soni 39 ming nafardan oshiqni tashkil etmoqda. Ikki yil burun hududda ishsizlar soni 3-4 ming nafarni, xorijga qatnab ishlaydiganlar soni esa 6 ming nafardan ortiqni tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib ular soni keskin qisqardi.
Tuman miqyosidagi mahallalarda faoliyat koʻrsatayotgan hokim yordamchilari koʻmagi va tavsiyasi asosida keyingi ikki yildan ortiq muddatda 13 mingga yaqin fuqaro ishga joylashtirilgani, jami 15 mingdan ortiq fuqaroga biznes faoliyatini yuritishi uchun imtiyozli kredit sarmoyasi rasmiylashtirib berilgani maqsadga muvofiqdir. Bu boradagi saʼy-harakat izchil davom ettirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









