Botir Zaripov kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha viloyat Shtabida bo‘lib, joriy qilingan yangi platforma imkoniyatlari bilan tanishdi
2025-11-22 14:15:00 / Yangiliklar

Bu borada viloyatda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha Shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun viloyat hokimi Botir Zaripov mazkur Shtabda bo‘lib, mas’ullar, xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minot korxona va tashkilotlari, shuningdek, nazorat organlari, huquqni muhofaza qilish idoralari mutasadddilar bilan muloqot qildi.
Viloyatda energetika xavfsizligini ta’minlash, aholi va ijtimoiy soha inshootlari hamda iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish, energiya tejamkorligini ta’minlash, viloyat markazidan tortib olis mahalla va qishloqlar, aholi punktlari, hatto, cho‘l ovullarigacha mavsumni talofatlarsiz o‘tkazish chora-tadbiri ko‘rilmoqda.
Bu borada viloyat prokurori U.Hamdamov, viloyat hokimining o‘rinbosari J.Arashov, viloyat Favqullodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ayupovlarning axborotlari eshitildi.
Xususan, viloyatda issiqlik manbai va gaz tarmoqlari, shuningdek, elektr stansiyalarining ishlash rejimi tahlillari asosida, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’yektlariga elektr, tabiiy gaz va ichimlik suvini yetkazib berish holatining kuz-qish mavsumiga shayligi, energotejamkorlikni ta’minlash ishlari jarayoni bevosita huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilayotgani aytildi.
Viloyat hokimi Shtabda viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi bilan birgalikda tashkil qilingan kuz-qish shtabi platformasi ishi bilan tanishdi. Bu platforma orqali tizim faoliyati va barcha topshiriqlar real vaqtda monitoring qilib borilishi ta’kidlandi.
— Platformaga muvofiq, tizimga CALL markaz — sun’iy intellekt yordamchi joriy qilindi. Bu bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan CALL markazga kelib tushadigan murojaatlar to‘liq raqamlashtirilgan va sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinib, ro‘yxatdan o‘tgan murojaatlar tegishli tashkilotlarga topshiriq sifatida yo‘naltiriladi, — deydi muhokamada yig‘ilganlarni mazkur platforma taqdimoti bilan tanishtirgan viloyat hokimining raqamlashtirish bo‘yicha maslahatchisi Tolib Mirzayev. — Endilikda viloyatdagi barcha ijtimoiy tarmoqlardan sun’iy intellekt orqali kommunal sohadagi muammoli xabarlarni Shtab platformasida tahlil qilib, xabarlar shakllantiriladi va muammoni yechish chorasi ko‘riladi. Shuningdek, sun’iy intellekt mexanizmidan foydalangan holda viloyatdagi tashkilotlarning qozonxonalarida yangi ishlab chiqilgan mikrosxema orqali issiq suv haroratini Shtab platformasida tahlil qilib borish imkoniyati bor. Bu jarayon viloyatdagi barcha kommunal xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minot korxonalari faoliyatiga doir ma’lumotlarni integratsiyalashtirish imkoniyati hamdir.
Viloyat rahbari tomonidan Shtabda muhokama qilingan dolzarb masala yuzasidan tegishli korxonalar, xususan, kommunal soha rahbarlari zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








