Buxoro tumani: “Gulshanobod” mahallasida 6-sonli oilaviy poliklinika yangi binosi foydalanishga topshirildi
2025-11-22 11:50:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Buxoro tumani, “Gulshanobod” mahalla fuqarolar yig‘inida 6-sonli oilaviy poliklinikaning 100 o‘rinli zamonaviy binosi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilgani yuqoridagi fikrimiz dalili.
Mazkur tibbiyot maskani binosini yangidan qurish maqsadida ssuda asosida 2 milliard 900 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, viloyat byudjeti hisobidan qo‘shimcha 103 million so‘m ajratilib, muassasaning moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlandi.
Zamonaviy andozadagi ikki qavatli inshootni foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, tibbiyot birlashmasi mas’ullari, mahalla faollari hozir bo‘ldilar. So‘zga chiqqanlar bu kabi chekka hududlarda zamonaviy tibbiyot infratuzilmasi barpo etilayotgani davlatimiz rahbari ilgari surayotgan “Inson qadri” tamoyili amalda o‘z ifodasini topayotganining yorqin dalili ekanini alohida ta’kidladilar.
O‘tgan oylarda bu manzildagi qurilish va ta’mirlash ishlari mahalliy pudratchi “Bunyodkor Izzatilo Soxtimon” MCHJ binokorlari tomonidan amalga oshirildi. Natijada aholiga keng ko‘lamli qulayliklar, zamonaviy tibbiy jihozlari bilan ta’minlangan, funsional imkoniyatlari yuqori bo‘lgan yangi tibbiyot poliklinika binosi barpo etildi.
Muhimi, endilikda salomatligiga befarq bo‘lmagan mahalla aholisi salomatligini o‘z vaqtida tekshirtirish, kasalliklarni erta aniqlash va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Darhaqiqat, xalqimiz salomatligini asrash va mustahkamlash — yurt taraqqiyotining eng muhim shartidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









