Shofirkon: “Nurafshon”da 36-sonli umumtaʼlim maktabi yangi oʻquv binosiga ega boʻldi
2025-11-15 11:05:00 / Yangiliklar

Shu sababli, mahalla ahli, ota-onalar talab-istaklari tufayli mahallada 120 oʻquvchi oʻrniga ega zamonaviy andozadagi oʻquv binosi quriladigan boʻldi. Bunda “Tashabbusli byudjet” loyihasi nurafshonliklar uchun najot vositasi boʻldi desak, mubolagʻa emas. Yangi oʻquv binosi uchun mahalliy byudjet hisobidan qiymati 1,5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
Soʻnggi oylarda obyektda mahalliy pudratchi “Shavkat Shokir savdo” MCHJ binokorlari tomonidan qurilish ishlari talab darajasida olib borilib, navqiron avlod vakillariga risoladagidek sharoitda taʼlim-tarbiya olishlari uchun imkoniyat yaratildi. Ushbu 36-sonli taʼlim maskani zamonaviy oʻquv binosini foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi, maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi masʼullari, maktab jamoasi va ota-onalar ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻz olganlar mahalla aholisi, oʻqituvchi va oʻquvchilarni yangi inshoot bilan tabriklab, ayni kunda maktab taʼlimiga qaratilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlar xususida toʻxtaldilar. Navqiron avlod vakillari talab darajasida oʻqib, ilm olishlari va xalq xoʻjaligida oʻz oʻrinlarini topishlarida bu taʼlim dargohi poydevor boʻlib xizmat qilishini taʼkidladilar.
Yangi 120 oʻrinli oʻquv binosi barcha zarur shart-sharoit — issiqlik tizimi, kompyuter sinfi, kutubxona, tabiiy fanlar uchun jihozlangan laboratoriyalar, sport maydonchasi va inventarlar bilan taʼminlangan.
Bugungi kunda 36-sonli umumtaʼlim maktabida 493 nafar oʻquvchi tahsil olayotgan boʻlib, ular taʼlim-tarbiyasiga 50 nafar oʻqituvchi masʼul. Muallimlarning 7 nafari oliy toifali, 12 nafari esa birinchi toifaga mansub.
Tadbir davomida maktab jamoasi, faol oʻqituvchilar va oʻquvchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Shuningdek, marosim ishtirokchilari yangi binodagi sinfxonalar, fan laboratoriyalari va oʻquv xonalarini koʻzdan kechirdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






