Ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdisida hisob-kitoblar – endi naqdsiz shaklda
2026-02-20 15:10:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdi shartnomalarini notarial tasdiqlashda hisob-kitoblarni naqdsiz shaklda amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi PF–246-son Farmoniga muvofiq 2026-yil 1-apreldan boshlab joriy etiladi.
Tadbirda Markaziy bank Raisining birinchi o‘rinbosari N. Saidullayev, Adliya vaziri o‘rinbosari M. Ikramov, Notarial palata raisi D. Ashurov, shuningdek Adliya vazirligi, Markaziy bank, tijorat banklari vakillari hamda amaldagi notariuslar ishtirok etdi.
Uchrashuvda:
▪️aholiga va tadbirkorlik subyektlariga tezkor hamda sifatli xizmat ko‘rsatish,
▪️notarial idoralar va banklarning uzluksiz faoliyatini ta’minlash,
▪️hisob-kitoblarni sodda, tushunarli va xavfsiz shaklda tashkil etish,
▪️elektron axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Ushbu chora-tadbirlar:
▪️hisob-kitoblarning ishonchliligini oshirish,
▪️firibgarlik holatlarining oldini olish,
▪️moliyaviy operatsiyalar shaffofligini ta’minlash,
▪️yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga xizmat qiladi.
Yakunda mas’ul idoralar tomonidan aniq vazifalar belgilab olindi.






