“Buxoro” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirildi
2025-06-23 01:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bolalarni dam olishini va sogʻlomlashtirishini tashkil etish departamenti direktorining birinchi oʻrinbosari Xurshid Umarov, keng jamoatchilik vakillari, ziyolilar, nuroniylar va mahalla faollari, ota-onalar hamda bolajonlar ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻz olgan Botir Zaripov va boshqalar bugungi kunda mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida jamiyat hayotining har bir sohasida amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarning, eng avvalo, inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilganligini alohida qayd etib, bu jarayonda koʻhna tarixga ega Buxoro yangi Oʻzbekistonning bir boʻlagi sifatida chin maʼnoda yangilanayotganiga eʼtibor qaratdilar.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar markazida inson va uning manfaati turganligi, xususan, bolalarga gʻamxoʻrlik qilish, ularning salomatligi, taʼlim-tarbiyasi va dam olishini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi alohida taʼkidlandi.
Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil 18-noyabrda qabul qilingan bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–427-sonli qaror asosida bolalarning sogʻlomlashtirish tizimi tubdan qayta koʻrib chiqildi. Shu asosda “Buxoro” bolalar oromgohi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan maxsus manzilli dastur doirasida qurildi. Qurilish ishlari 56 milliard soʻmni tashkil etdi.
Umumiy 4,2 gektar maydonda joylashgan oromgoh 250 nafar bola uchun moʻljallangan boʻlib, zamonaviy ikki qavatli yotoqxona, maʼmuriy bino, mashgʻulot va tibbiyot xonalari, oshxona, voleybol va minifutbol maydonlari, amfiteatr va suv havzasidan iborat.
Oromgohda kutubxona, “Maʼnaviyat xonasi” va turli toʻgaraklar bolalarning intellektual va maʼnaviy rivojlanishiga xizmat qiladi. Ushbu muassasada bolalarning jismoniy holati, ruhiy salomatligi, ijodkorlik qobiliyati va vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga qaratilgan 12 kunlik namunaviy dastur asosida faoliyat yoʻlga qoʻyilgan.
Oromgohdagi barcha xonalar alohida did asosida eng zamonaviy mebel, maishiy texnika jihozlari, oshxona anjomlari bilan taʼminlangan. Keng koʻlamdagi obodonlashtirish ishlari bilan birga bolalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun koʻrgazmali burchaklar tashkil etilgani yanada ahamiyatlidir. Ushbu maskanda bolajonlarni darmondorilarga boy taomnoma asosida toʻgʻri ovqatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Tantanalar davomida respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlarining mazmun-mohiyati, ularning barchasi inson manfaatlariga xizmat qilayotgani, yosh avlod vakillariga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklarning ahamiyati bolalarga xos chiqish va sahna koʻrinishlari orqali ifoda etildi.
Oromgohda dam olayotgan oʻgʻil-qizlar ishtirokida tashkil etilgan konsert dasturida yosh avlod vakillari Ona Vatanimizda bugungi kunda yosh avlod kamoloti uchun koʻrsatilayotgan eʼtibor, oʻgʻil-qizlarning oʻz salohiyatlarini namoyon etishlari uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlarni, barqaror tinchligimiz va musaffo osmonimizni madh etuvchi kuy va qoʻshiqlarni ijro etdilar.
Yangi “Buxoro” oromgohi — bu nafaqat dam olish maskani, balki har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan muhim ijtimoiy loyiha hamdir. Ushbu tashabbus "Inson qadri uchun" degan oliy maqsadga xizmat qiluvchi yana bir amaliy qadam boʻldi.
Yigʻilganlar oromgohda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Maʼlumot uchun: 2025-yil yoz mavsumining 1-davrasi doirasida Buxoro viloyatida jami 143 ta oromgohda 19 810 nafar bola qamrab olinadi. Shundan 11 ta statsionar oromgohda — 8 400 nafar, 132 ta kunduzgi oromgohda — 11 410 nafar bola sogʻlomlashtiriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









