Vobkent: gʻoʻza parvarishida “baliq sirti” tarzidagi kultivator ishlovi hosil nobudgarchiligiga “qalqon”
2025-06-21 13:40:00 / Yangiliklar

Bu yil tuman paxtakorlari moʻljaldagi 38 ming tonnadan ortiq “oq oltin” xirmoni uchun erta bahordan har bir kundan samarali foydalanib, shu kunlarda qator oralaridagi parvarishga eʼtibor qaratilgan.
Masalan, ayni mavsumda hududdagi "Garden Buxoro Agroklaster" MCHJ tomonidan “Qoʻngʻirot” hududida 350 gektar maydonda Xitoyning "Chjun Tay-2" navli chigiti ekilgan va baravj oʻsayotgan gʻoʻza nihollari parvarishlanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, mazkur navdan oʻtgan yilda har gektardan 65 sentner hosil olingan. Eʼtiborlisi, bu nav ekilgan maydonlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan. Bu ham resurs sarfini tejashga xizmat qiladi. Qolaversa, Xitoy tajribasi asosida parvarishlanayotgan paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlar mahalliy navga nisbatan ikki baravar kam talab etiladi.
Ayni paytda tuman xoʻjaliklaridagi mavjud 232 ta kultivator agregati bilan bir kunda 556 gektardan ziyod yer maydonidagi gʻoʻza nihollari qator orasiga ishlov berilmoqda. Bu degani, 9 ming 70 gektar yer maydonidagi gʻoʻzadan moʻl va sifatli hosil yetishtirish taqdiri bugungi agrotexnik tadbirlar, kultivatsiya ishlovi, “sharbat”lab sugʻorish kabi muhim yumushlarga bogʻliq.
Ob-havo haroratining yuqori kunlaridan unumli foydalanib, gʻoʻza qator oralariga ishlov berishning ahamiyati katta. Shu kunlarda mavjud texnikalar va kultivatorlar bilan gʻoʻza qator oralariga 3-marta ishlov berilgan boʻlsa, bu agrotexnik tadbir izchil davom ettirilib, oʻsish, rivojlanishdan ortda qolayotgan konturlarga eʼtibor qaratilmoqda. Sohada agroinspeksiyaning tuman boʻlimi inspektorlari tomonidan esa kultivatorlar ishchi organlarini “baliq sirti” tarzida qayta jihozlashga doir monitoring-tahlil ishlari yuritilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, kultivatorlar ishchi organlari “baliq sirti2 tarzida qayta jihozlangani gʻoʻza hosilini 20 foizgacha nobudgarchilikdan himoya qiladi. Rivojlanishning shonalash, gullash fazasidagi nihollarga ishlov berishda bu usul juda qoʻl keladi.
Oʻrni kelganda, aytish joizki, gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirmagan, kultivatorlarni jihozlamagan qishloq xoʻjaligi korxonalari masʼul mutasaddilari Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq, javobgarlikka tortilishlari yuzasidan ogohlantirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati



