Vobkent: Qoʻchqorovlar oilasi oshqovoq hosilidan 4 tonnalik xirmonni koʻzlamoqda
2025-04-30 09:45:00 / Yangiliklar

Birgina “Shohnigor” MFY ni olsak, tuman markazidan 13 kilometr uzoqlikdagi mahallada bugunga kelib jami 1007 ta aholi xonadoni, 607 ta oila va ularda jami 4 ming 700 dan ortiq aholi umrguzaronlik qilmoqda. Dala-dehqonchilik ishlarida, tomorqa mehnatida ham mirishkor boʻlgan shohnigorliklar xonadoni va ular ixtiyoridagi jami 87 gektardan iborat tomorqa yeri, qolaversa, unda barpo qilingan issiqxona xoʻjaliklarida istalgan fasl yoki mavsumda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, sabzavot-poliz hosili yetishtirilayotganini koʻrish mumkin.
Bundagi qariyb 8 gektardan iborat issiqxona xoʻjaliklarida, ochiq maydonda “duga”li sim tortib, plyonka ostida kartoshka, sabzi, pomidor, bodring, koʻkatlardan tortib, sabzi, baqlajon va boshqa mahsulotlargacha peshma-pesh yetishtirilib, roʻzgʻor ehtiyoji uchun jamgʻarilmoqda. Aksariyati 2-4 sotixdan issiqxonasiga ega qishloq xonadonlarida erta bahordan qoʻni-qoʻshni tomorqasi uchun pomidor, bulgʻor qalampiri, baqlajon va boshqa ekinlar koʻchatlarini ham yetishtirish odatga aylangan.
Shohnigor qishlogʻi aholisi, ayniqsa, piyoz, sabzi, sholgʻom, sarimsoqpiyoz, qolaversa, gilos yetishtirish hadisini olgan. Bu ixtisoslashuv aholining tomorqaga boʻlgan qiziqishini oshirmoqda. Hududda namunali tomorqachilardan biri Shavkat Qoʻchqorov yashayotgan hovlisining 15 sotixdan iborat ekin maydonidan har yili barakali hosil yetishtirib, roʻzgʻor ehtiyojlarini bemalol qoplab keladi. Uning kattagina qismida har yili oshqovoq ekib yetishtirish kanda boʻlmaydi. Shu kunlarda Hozir baravj boʻy koʻrsatib qolgan paykaldan koʻz quvnaydi.
—Bu yil oshqovoq hosili kutilganidan barakali boʻldi. Oila aʼzolarimiz bilan birgalikda hozirda yarim tomorqa yerida yetishtirayotgan oshqovoqdan 4 tonnaga yetkazib hosil koʻtarishni koʻzlaganmiz,—deydi xonadon sohibi Shavkat Qoʻchqorov.—Ekin yerimizning qolgan 3 sotix qismida sarimsoqpiyoz, pomidor va bodring ekib yetishtirmoqdamiz. Qolaversa, yerning yana bir qismida kartoshka ekilgan. Yarim tonnaga yaqin sarimsoqpiyoz, yana shuncha kartoshka va boshqa sabzavot hosilidan jamgʻarib olsak, bu mahsulotlarni bozordan sotib olishga hojat qolmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, mana shu tomorqamizdan yiliga 2-3-marta barakali hosil olib, moddiy manfaat topayapmiz. Farzandlarimiz ham yoshligidan mehnatga oʻrganib borayotgani yaxshi, albatta.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









