Buxoro tumani: Yangi turmushda Yusupovlar uy xoʻjaligi boshqalarga ibrat
2025-04-29 12:15:00 / Yangiliklar

Jumladan, ayn kunda Qorajeri, Beshariq, Ipakchi, Chorraha, Desoʻxta, Charmgar va Kechqanoq qishloqlarini oʻzida birlashtirgan “Turkon” mahalla fuqarolar yigʻinida ham asosan oʻzbek va turkman millatiga mansub, jami 1 ming 380 ta oila, 1 ming 106 ta ortiq xonadon va ularda jami 6 mingdan ortiq aholi vakili istiqomat qilmoqda.
“Yangi turmush” mahalla fuqarolar yigʻini “yettilik” masʼullari tomonidan bu borada koʻchama-koʻcha, uyma-uy yurilib, aholini kambagʻallikdan chiqarish, ekin yeri, tomorqadan samarali foydalanishga doir targʻibot ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Shu mahallaning Beshariq qishlogʻida yashovchi Oʻktam Yusupov ham namunali chorvador, tomorqachi, ibratli uy xoʻjaligi sohibi hamdir. Oʻktam Yusupov xonadonidagi tomorqasidan samarali foydalanib, har mavsumda kartoshka ekib, moʻl hosil yetishtirib keladi. Ayni kunda bu xonadonga kirgan kishining koʻzi quvnaydi. Bundan tashqari, Yusupovlar uy xoʻjaligi ogʻilxonasida 25 bosh naslli chorva moli, sigir-buzoq, boʻrdoqiga boqilayotgan xoʻkizlar, zotdor qoʻy-qoʻzi parvarishlanayotgani bir oila moddiy manfaatdorligiga xizmat qilmoqda.
—Esimizni tanibmizki, dala-dehqonchilik ishlari, uyda mol boqish otameros bizga,—deydi mirishkor xonadon sohibi Oʻktam Yusupov.—Shu yil boshidan mahallamizdagi hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida bankdan ajratilgan 100 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻi hisobiga qoʻshimcha 10 bosh naslli chorva moli sotib olib, mol sonini 25 boshga yetkazdik. Shu qoramollardan yarmini sogʻin sigirlar tashkil etmoqda. Ayni paytda ulardan har kuni oʻrtacha 15 litrdan sut sogʻib olinmoqda. Sutni bozorga sotib, qoʻshimcha daromad orttirayotgan boʻlsak, ogʻilxonamizdagi 10 boshdan ziyod hoʻkiz parvarishini ham talab darajasida olib borib, ular kunlik ozuqa ratsioniga amal qilmoqdamiz. Bu ishdan qoʻlga kiritayotgan yillik sof daromadimiz esa 150 million soʻmni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, ogʻilxonamizda 20 bosh mayda shoxli mol, quyon va tovuq parvarishlashni boshlaganmiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







