Qorakoʻl: Muxlisa Hamdamova hamda Mashhura Sayliyevalar tomorqasida karam va sabzi yetishtirilmoqda
2025-04-11 20:10:00 / Yangiliklar

Shu mahallada yashovchi Muxlisa Hamdamova ham mahalladoshlari kabi tomorqadan unumli foydalanayotganlardan. Erta bahordan xonadon ahli 15 sotix yerda karamning ertapishar navini ekib yetishtirmoqda.
—Oila aʼzolarimiz bilan birgalikda karam yetishtirshga qiziqqanimizga 4-5 yilcha boʻldi, chamasi. Avvaliga 5 sotix maydonda yetishtirgan edik, koʻrdikki, daromadi chakki emas, agrotexnik parvarishini toʻgʻri olib borilsa, koʻzlangan hosilni olish mumkin,—deydi Muxlisa Hamdamova.—Oʻtgan yili bahor mavsumida karamdan 30 million soʻmga yetkazib daromad qilishga erishgandik. Bu yilgi moʻljalimiz ham bulturgisidan moʻl hosil yetishtirib, foyda olish. Asosiysi, halol mehnat orqasidan muhtojlik bilmay, roʻzgʻorni but qilyapmiz.
Bilamizki, karam koʻp isteʼmol qilinadigan sabzavotlardan biri, koʻpgina ovqatlarga ishlatiladi, chunki u toʻyimli va parhezbop ham. Bir gektar yerdan 50 tonnagacha, bir sotix yerdan 500 kilogramgacha karam olish mumkin ekan. Albatta, uning ham oʻziga xos agrotexnikasi bor. Masalan, tuproqni yumshatish, ekinni sugʻorish, oʻtash, oʻgʻitlash, qator orasini chopiq qilish lozim. Karam suvni koʻp talab qiladigan sabzovot boʻlib, sovuqqa chidamli. Oʻsish paytida oʻnga albatta azot, fosfor va kaliy kabi mineral oʻgʻitlardan berish zarur.
Hosil yetilganda uni pishirib oʻtkazib yubormasdan, yigʻib olish kerak boʻladi. Mahalliy sharoitga moslashgani bois, ayni paytda qorakoʻlliklar tomorqasida gulkaram, brokolli hamda Koreys karamini ham yetishtirish ommalashmoqda. Gulkaramlar erta bahorda va yozda yetishtiriladi. Ertangi ekin hosili may-iyunda, kechkisi oktyabr va noyabr oylarida yigʻishtirib olinadi. Bahorda ekiladigan gulkaramning bosh tugishi qattiq issiq boshlanadigan paytga toʻgʻri kelib qolmasligi uchun u iloji boricha erta—fevralning oxiri, martning boshlarida ekiladi. May oyiga borib pishib yetiladigan karam hosili elimiz dasturxoniga tortiq qilinsa, kech kuzga borib tayyor boʻladigan karamni asosan salat tayyorlovchilar koʻtarasiga savdo qilishadi.
Muhlisa opaning qoʻshnisi Mashhura Sayliyeva ham mahalladoshlari kabi yer bilan tillashadiganlardan. Mashhura opa bir necha yildan buyon tomorqasida karam bilan birga sabzidan moʻl hosil yetishtiradi. Mirishkorlar oilasi yilda ikki marotaba, erta bahorda va kech kuzda sabzi hosilini ekib parvarishlab, saranjomlab olishga odatlangan.
Shubhasiz, yuqoridagi kabi dehqonchilikda katta tajriba orttirgan xonadonlarda yetishtirilayotgan mahsulot ham oilalar turmushi farovonligiga xizmat qilmoqda. Halol mehnatdan kelayotgan daromad oila orzu-havasi roʻyobiga, farzandlar taʼlim-tarbiyasiga, roʻzgʻorga sarflanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






