Buxoroda 15 nafar mahalla fidoyisiga “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni topshirildi
2025-03-22 12:55:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoniga sazovor boʻlgan, qolaversa, oʻz vazifasini sidqidildan ado etib kelayotgan buxorolik mehnat fidoyilarini, soha xodimlarini bayram bilan samimiy tabrikladi.
Shuningdek, viloyat rahbari soʻnggi yillarda yurtimizda mahalla tizimiga qaratilayotgan alohida eʼtibor mazkur noyob tuzilmaning nufuzini yanada oshirganini, mahalla fuqarolarning tom maʼnodagi suyanchiga aylanganini eʼtirof etdi.
Taʼkidlanganidek, bu borada birgina viloyatimiz misolida olsak, xususan, soʻnggi yetti yilda viloyatimizda 285 ta mahalla idorasi yangidan qurilib, 315 ta maʼmuriy inshoot qayta rekonstruksiya qilingan.
Ayniqsa, barcha soha va yoʻnalishlar boʻyicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, “mahalla yettiligi”dan iborat taʼsirchan tuzilma faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, bandlikni taʼminlash, xotin-qizlar, yoshlar va nuroniylarga manzilli yordam koʻrsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, kambagʻallikni qisqartirishda amaliy samaraga erishilmoqda.
Viloyatimizda sogʻlom maʼnaviy muhitni taʼminlash maqsadida oʻtgan yili mahalla faollari koʻmagida ajrashish yoqasiga kelib qolgan 1600 ga yaqin oila yarashtirilgani, mavjud 544 ta mahallaning 181 tasi yoki 34 foizida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagani, namunali mahallalar soni 317 taga yetgani albatta, tahsinga loyiq.
Shu davrda 19 mingga yaqin aholiga qariyb 614 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit,5 mingdan ziyod fuqaroga 28 milliard soʻm subsidiya, qariyb 1 ming nafar oilaga dehqonchilik uchun 250 gektar yer maydoni ajratib berilgan.
Bugungi tinch, erkin va osuda hayotimizni qadrlash, mahallalarda, butun yurtimizda millatlararo doʻstlik va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yolgʻiz keksalar, ehtiyojmand oilalar, bemor va nogiron insonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ezgu va savob ishlar kuchaytirilmoqda.
Yurtimizda Navroʻz shukuhi kezib yurgan shunday kunda shahar va qishloqlarimiz, mahallalarimizda umumxalq hasharlari, ulkan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab koʻchatlar oʻtqazilib, bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda.
Yurtimizda har bir sohada fidoyilik koʻrsatib, faol mehnat qilgan xodimlar albatta munosib eʼtirofga loyiq. “Mahalla tizimi xodimlari kuni” munosabati bilan yurtdoshlarimizdan 15 nafar buxorolik mahalla tizimi faoli “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi. Tadbirda Botir Zaripov mukofotlanganlarga “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni, uning guvohnomasini topshirdi.
Qolaversa, taqdirlanganlarning barchasi sihatgohlarda dam olishlari va sogʻliqlarini tiklab qaytishlari uchun bepul yoʻllanma va bir martalik pul mukofotlariga ega boʻlishdi.
Taqdirlanganlar nomidan soʻzga chiqqanlar mazkur eʼtirof oʻzlaridagi masʼuliyat hissini yanada oshirgani hamda kelgusida xalqimiz manfaati, mamlakatimiz rivoji yoʻlida yanada samarali mehnat qilishga undashini alohida taʼkidlashdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









