Vobkent: "Yashil makon" doirasida 42 ta umumtaʼlim dargohiga terak qalamchalari oʻtqazilmoqda
2025-03-04 16:55:00 / Yangiliklar

Qadimdan ayni bahor bayrami, Navroʻz ayyomi kunlarida xalq folklori, yaʼni, ogʻzaki ijodiga xos laparlar, milliy kuy-qoʻshiqlar, ijro qilinsa, yosh sportsevarlar bahorgi oʻyinlarni maroq bilan oʻynab, zavq-shavq oladilar. Ana shunday mashgʻulotlardan biri—bolalar jamoalarga boʻlinib, qoʻllarini bir-birlariga mahkam birlashtirgan holda, yasalgan “argʻimchoq”ni uzib oʻtish uchun bor kuchlari bilan harakat qiladigan “Oq terakmi, koʻk terak” oʻyinidir. Bu mashgʻulot zamirida yorugʻlikning qorongʻulikdan gʻolib ekaniga ishora va intilishdek maʼno mujassam goʻyo.
—Terak barcha turdagi daraxtlar orasida eng yaxshi havo tozalovchi hisoblanadi. Karbonat angidridni oʻziga singdirib, igna bargli daraxtlarga nisbatan 10 baravar koʻp kislorod hosil qiladi,—deydi vobkentlik keksa dehqon Yodgor bobo Komilov.—Ayni paytda oʻzidan zararli mikroblarni oʻldiruvchi fitonsidlar ham ishlab chiqaradi. Bu turdagi daraxtlar manzarali boʻlishi va joy tanlamasligi sababli ixota va oʻrmon muhofazasi, koʻkalamzorlashtirish ishlarida muhim ahamiyatga ega.
Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan va yurtimizda uyushqoqlik bilan olib borilayotgan “Yashil makon” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni Vobkent tumanida ham koʻrish mumkin.
Jumladan, shu kunlarda tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan hududdagi 42 ta umumtaʼlim dargohiga terak qalamchalari qurilib, parvarishlanmoqda. Jumladan, 5- va 7-sonli umumtaʼlim maktablari yerlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 70 tup archa, 10 tup mevali koʻchat va 500 dona terak qalamchasi oʻtqazilib, parvarishi boshlangan. Kelgusida teraklardan olinadigan daromad maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga sarflanishi nazarda tutilgan. Qolaversa, bu ezgu saʼy-harakat orqali atrof-muhitni yashillikka burkanishiga ham salmoqli hissa qoʻshiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






