Vobkent: Jumayevlar xonadoni motokultivator, yuk mototsiklidan soʻng “Gentra” avtomashinasini xarid qildi
2025-02-26 15:25:00 / Yangiliklar

Jumladan, sabzavotchilik yoʻnalishida 12 ta, kartoshka yetishtirishda 2 ta, polizchilikda 4 ta, meva-bogʻdorchilik, rezavor hamda sarxil meva yetishtirishda, parranda va chorvachilik tarmogʻida jami yigirmadan ortiq, qolaversa, anor va anjir yetishtirish, hovlilarda sarxil navli tokzorlarni kengaytirishda alohida xoʻjaliklar shakllantirilayotgani ham aholi dasturxoni toʻkinligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligida band boʻlgan issiqxonachi xonadonlar moddiy manfaatdorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Moʻjaz tomorqasini obod qilib, ishlab, munosib daromad topayotgan, roʻzgʻorini butlab, shuning ortidan farzandlarini oʻqitib, kasb-korli boʻlishlarida kamarbasta boʻlayotgan, shinam uy-joylar qurib, orzu-havasini ushaltirayotgan zahmatkashlar oramizda juda koʻp. Shundaylardan biri vobkentlik, “Shanba” MFY Oblogoʻy qishlogʻida yashovchi Sulaymon Jumayev oilasidir. Tomorqa yerida atigi 6 sotixdan iborat issiqxona barpo qilib, har yili unda peshma-pesh sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirayotgan mirishkorlar mehnati koʻplarga namuna qilib koʻrsatishga arzirli.
Aytish joizki, Sulaymon Jumayev hovlisining har qarich ekin yeridan unumli foydalanib, moʻjaz bogʻ yaratgan. Tomorqasi atrofida yigirma tupdan ziyod oʻrik, olma, gilos, shaftoli, behi, anor daraxt va butalari, yana soʻlim ishkomli tokzoriga ega boʻlsa, har yilgi pishiqchilik mavsumida bundan olinayotgan mevani chamalash qiyin emas, albatta.
—Hovli etagidagi tomorqamizda har biri 3 sotixdan iborat ikkita issiqxona qurib, dehqonchilik qilib kelayotgan boʻlsak, birida pomidor, ikkinchisida kartoshka ekib parvarishlayapmiz,—deydi mirishkor Sulaymon Jumayev.—Har bir issiqxonamizda agrotexnik tadbirlarga qatʼiy amal qilib, jami 2 tonnaga yetkazib sara hosil olish harakatidamiz. Bunda bizga oʻgʻil-qizimiz, kelinlar yaqin koʻmakchi. Kim qaysi kasb-korda ekanligidan qatʼiy nazar, albatta, uyda issiqxonada ishlashga vaqt topadi. Shuning ortidan issiqxonadan yiliga uch marotaba hosil olishning uddasidan chiqayapmiz. Bultur pomidor va bodringdan jami 40 million soʻm, kartoshkadan 3 tonna hosil olib, daromadimiz 35 million soʻmni tashkil etgani ham shundan. Hatto, yillik daromadimizdan "Gentra" avtomobilini sotib oldik.
Hozirda ham Jumayevlar xonadoni tomorqasida oila aʼzolaridan 4 nafari ish bilan band. Kimdir daraxtlar parvarishi bilan mashgʻul boʻlsa, kimdir yer agʻdarish, oʻgʻit berib, sugʻorish, yana kimdir plyonka ostidagi oʻsimlik parvarishiga qaraydi. Shu mehnat ortidan kelayotgan daromaddan mirishkorlar oʻzlariga kerakli motokultivator, yuk mototsikli va boshqa texnika vositalarini ham xarid qilishgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati