Viloyat hokimi Botir Zaripovning ichki ishlar organlari xodimlari kuniga bayram tarbrigi
2024-10-25 / Voqealar taqvimi

Sizlarni Ichki ishlar organlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman!
O‘z hayotini fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligi, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashdek sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlab kelayotgan siz, aziz xodimlar, harbiy xizmatchilar, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tinglovchi-kursantlari, muhtaram faxriylarimiz hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolariga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.
Mustaqillik yillarida boshqa sohalar qatori ichki ishlar organlari ham g‘oyat sharafli va mas’uliyatli yo‘lni bosib o‘tdi.
Ayniqsa, keyingi yillarda Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ichki ishlar organlarida keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlar amalga oshirildi.
Ayniqsa, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yo‘lida katta ishlar olib borilmoqda.
Zero, shiddat bilan o‘zgarayotgan bugungi murakkab zamonda dunyoning turli mintaqalarida hukm surayotgan notinch vaziyatlar, qurolli to‘qnashuvlar har birimizni doimo hushyor va ogoh bo‘lishga undaydi. Bunday sharoitda uyushgan transmilliy jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizm, narkobiznes, korrupsiya kabi tahdidlarga qarshi samarali kurashish, ularga keskin zarba berish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu jarayonda tamomila yangicha shakl va mazmun kasb etayotgan ichki ishlar idoralari zamonaviy texnika bilan ta’minlangan, xalqchil va ochiq, kriminogen vaziyatni mustahkam va ishonchli nazorat qila oladigan, mobil va ixcham tuzilmalarga aylanib ulgurdi. Eng muhimi, soha xodimlarining ma’naviy qiyofasi, jamiyatimizdagi obro‘-e’tibori yuksaldi. Ular xalq bilan bir jonu bir tan bo‘lib, barcha jabhalarga dadil kirib borishi natijasida mamlakatimiz taraqqiyotining o‘ziga xos harakatlantiruvchi kuchiga, tinchlik va barqarorligimizning ishonchli kafolatiga, inson huquq va manfaatlarining haqiqiy himoyachisiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Sohadagi o‘zgarishlar shaxsiy tarkibning kasb mahorati, ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy-ijtimoiy va huquqiy bilimlarining yuksalishida, ijtimoiy himoya va rag‘bat borasidagi ijobiy natijalarda ham o‘z aksini topmoqda.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz ongi va qarashida “Mening mahallam jinoyatchilikdan xoli hudud bo‘lishi kerak”, degan fikr shakllanib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda aholi va jamoatchilikning faolligi ortmoqda.
Hududiy sektorlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi samarasida ichki ishlar idoralari xodimlari joylarda aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladigan vazifalarni sharaf bilan ruyobga chiqarmoqdalar.
Aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar muammolarini hal etish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasidagi samarali faoliyat joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘layotganligini alohida ta’kidlash joiz.
Shu bois ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami nafaqat soha xodimlari, balki xalqimiz uchun ham haqiqiy bayram shodiyonasidir.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, xizmat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, uzoq umr, sihat-salomatlik, xonadoningizga fayzu baraka tilayman.
