Xitoyning “XINJIANG LIHUA GROUP” kompaniyasi Shofirkonda paxta yetishtiradi
2024-09-18 10:30:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish bo‘yicha asosiy yetakchi korxona va mahalliy paxta sanoatidagi yirik subyektlardan biri sifatida “XINJIANG LIHUA GROUP” LTD 2021 yilda qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish bo‘yicha 100 ta yetakchi korxona ichida 75-o‘rinni egallagan. O‘sha yillarda mazkur kompaniya Xitoyning eng yaxshi 500 ta qishloq xo‘jaligi korxonalari orasida kuchli yuztalikka kirgan.
Bu kompaniya 2004 yilda 110,5 million yuanga teng ustav kapitali asosida tashkil etilgan. So‘nggi yillarda xalqaro miqyosidagi ishonchli hamkorligi, yirik moliya institutlarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli “XINJIANG LIHUA GROUP” LTD jadal rivojlandi, biznes va sanoat “zanjiri”ni doimiy kengaytirdi.
Ahamiyatli jihati, “XINJIANG LIHUA GROUP” LTD hozirda Xitoyda 30 ta sho‘ba korxonasiga ega bo‘lib, oltita tarmoqni, ya’ni urug‘lik chigit tayyorlash, sara navli paxta ekish, sotib olish va qayta ishlash, to‘qimachilik va tikuvchilik, qo‘shimcha mahsulotlarni qayta ishlash va savdoni birlashtirgan to‘liq sanoat “zanjiri”—biznes modelini tashkil etadi.
Paxta ekib yetishtirish va chuqur qayta ishlash bo‘yicha o‘z yurtida yetakchi o‘rinlardan birida bo‘lgan “XINJIANG LIHUA GROUP” LTD tarkibida urug‘chilik, paxta ekish bazalariga, 82 ta paxtani qayta ishlash zavodiga, yuzga yaqin paxta to‘qimachilik sanoat parkiga va yana qo‘shimcha tarmoqlariga ega bo‘lib, bunda doimiy ish bilan band bo‘lgan ishchi-mutaxassis soni 30 mingdan ortiqni tashkil etadi.
Keyingi yillarda viloyatimizning Shofirkon tumanida saralangan navlarda paxta ekib, mo‘l hosil yetishtirish, yigiruv va to‘qimachilik tarmoqlarini rivojlantirib, paxta tolasini qayta ishlash kabi yirik loyihalarga qo‘l urilmoqda. Bu borada esa yuqorida ta’kidlangan Xitoyning aynan “XINJIANG LIHUA GROUP” LTD yaqin biznes hamkor sifatida tanlangan. Zero, chekka tumanda xorijiy investitsiyalarni jalb etilishi orqali iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, aholi bandligini ta’minlash har qachongidan dolzarb ahamiyatga ega.
Shu nuqtayi nazardan, tuman hokimi Alisher Fayzullayev Xitoy Xalq Respublikasidan tashrif buyurgan investorlar ishtirokida qator loyihalarni muhokama qildi. “XINJIANG LIHUA GROUP” LTD mutasaddilari bilan bo‘lgan muzokarada hududning Jilvon cho‘li massivida 20 ming gektar yer maydonini o‘zlashtirish va unda sara urug‘lik chigit ekib, paxta yetishtirish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi. Mazkur bitimga muvofiq, xitoylik hamkorlar birinchi bosqichda 6 ming, ikkinchi bosqichda 8 ming, uchinchi bosqichda yana 6 ming gektar yer maydonini obod qilib, hosil yetishtirish, cho‘l sharoitida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilishni maqsad qilishgan. Qolaversa, hududda yetishtiriladigan paxta hosilini qayta ishlash hisobidan yiliga 10 ming tonna paxta tolasini ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Aytish joizki, mazkur loyihaning umumiy qiymati 150 million AQSH dollariga baholanayotgan bo‘lib, bu xitoylik investorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyasi hisoblanadi. Shundan 5 million AQSH dollari atrofidagi mablag‘ yangidan ochib o‘zlashtiriladigan yerlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga yo‘naltiriladi. Keyinchalik bu yerlardan paxta yetishtirish uchun chuqur qayta ishlashni o‘z ichiga olgan texnologik korxonalar tashkil etish maqsadida foydalaniladi. Mazkur yo‘nalishda 5 ta katta va 10 ta kichik kombayn agregati, shuningdek, 75 ta turli xil va rusumdagi traktor va texnika vositalari olib kelinishi ko‘zda tutilgan.
Muhimi, 2026 yil ikkinchi yarmida ro‘yobga chiqarilishi maqsad qilinayotgan xitoyliklar bilan hamkorlikdagi biznes loyiha tufayli chekka tumanda 1 ming 750 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu esa nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki aholi bandligi, turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







