O‘zbek talabalari ilk bora “STAR.VISION” loyihasiga yo‘l olishdi!
2025-07-18 00:00:00 / Yangiliklar

Bugungi globallashuv jarayonlari jahon texnologik bozorida salohiyatli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Ayniqsa, kosmik sohada IT, sun’iy intellekt va zamonaviy dasturlarni mukammal egallagan tajribali muhandislarni tayyorlash muhim sanaladi.
Ayni shu tendensiyalarni inobatga olgan holda Uzcosmos agentligi o‘zbek yoshlarining kosmik texnologiyalar borasidagi ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida bir qator ta’lim dasturlarini amalga oshiryapti.
Xususan, nufuzli STAR.VISION kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan "Space Summer Camp 2025" loyihasi doirasidan 3 nafar o‘zbek talabalari Uzcosmos hamda Yoshlar ishlari agentligi ko‘magida Xitoyga yo‘l olishdi.
Ular ikki hafta davomida aerokosmik muhandislik, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, astronomiya va raqamli texnologiyalar kabi qator yo‘nalishlarda tajribali professorlardan tahsil olishadi. Ham amaliy ham nazariy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, real loyihalar ustida ishlashadi.
“Space Summer Camp 2025” bu nafaqat akademik bilim olish balki zamonaviy kosmik texnologiyalarni o‘rganish, ularni yig‘ish va tahlil qilish imkoniyatini taqdim etuvchi loyihadir.
Uzcosmos agentligi Axborot xizmati


