Markirovkani masofaviy tekshirishda jarima o‘rniga ogohlantirish
2025-05-28 09:30:00 / Qo'mita yangiliklari
Tekshiruvlar tadbirkorni chaqirmasdan va uning faoliyatiga aralashmasdan fiskal chek va elektron hisobvaraq-fakturalarni tahlil qilish asosida amalga oshiriladi.
Yangi tartib: avval ogohlantirish
Agar axborot tizimi tomonidan qoidabuzarlik aniqlansa, tadbirkorga uni bartaraf etish uchun avvalo ogohlantirish yuboriladi. Takroriy qoidabuzarlik aniqlanganda esa yana bir marta ogohlantirish beriladi.
Faqat uchinchi marta qoidabuzarlik aniqlanganda jarima qo‘llaniladi.
Avvalgi tartibga ko‘ra, ogohlantirishsiz jarima qo‘llanilar edi. Endi tadbirkorlar moliyaviy jazolarsiz xatolarni tuzatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Masofaviy tekshiruvlarda jarimalar kamaytiriladi
Raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishining masofaviy tekshiruvlari doirasida, ikki marta ogohlantirishdan so‘ng, jarima qo‘llashda yumshatilgan yondashuv joriy etilmoqda.
Jarima choraklik sof tushumning:
- birinchi marta — 0,2%;
- ikkinchi marta — 0,4%;
- uchinchi marta — 1%;
- to‘rtinchi marta — 2% miqdorida qo‘llaniladi.
Mazkur tizim faqat masofaviy tekshiruvlarga taalluqlidir.
Muhim eslatma:
Agar ikki marta ogohlantirishdan so‘ng tadbirkor bir yil ichida to‘rtinchi marta markirovka qoidalarini buzsa, bir yil davomida to‘langan QQS summasi qaytarilmaydi.
Raqamli markirovka qoidalari buzilishining oldini olish maqsadida, 2025-yil 1-sentabrdan onlayn-NKT orqali kassadagi chek faqat markirovka kodi kiritilgandan keyin shakllantiriladi. Bu markirovka qilingan mahsulotning kodini skanerlashsiz sotish ehtimolini istisno qiladi va savdo jarayonida shaffoflik hamda nazoratni ta’minlaydi.
