Suv resurslaridan foydalanganlik uchun hisobotni avtomatik ravishda shakllantirib berish yoʻlga qoʻyiladi
2025-01-28 10:45:00 / Qo'mita yangiliklari
"Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq maʼmurchiligini takomillashtirish maqsadida “Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-noyabrdagi “Soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 736-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
VMQ-32-son, 2025-yil 22-yanvar
Mazkur qaror bilan soliq organlari tomonidan qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish va baliq yetishtirish (oʻstirish) uchun ishlatilgan suv hajmi boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotini avtomatik ravishda shaklantirib berish yoʻlga qoʻyiladi.
Vazirlik va idoralar tomonidan oʻzaro axborot almashinuvi tizimi, shuningdek, Suv xoʻjaligi vazirligining “Suv hisobi” axborot tizimi orqali taqdim etilgan maʼlumotlar asosida soliqlar avtomat hisoblanib, hisobotda shakllantirib beriladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, soliq toʻlovchilar suv soligʻi hisobotini shaklning 0701 va 0702-satrlariga Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan taqdim etilgan suv hajmini mustaqil kiritgan holda taqdim etib kelgan boʻlsa, endilikda soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotining toʻgʻri va toʻliqligini tasdiqlaydi yoxud eʼtirozlar mavjud boʻlsa, soliq hisobotini qayta ko‘rib chiqib, 15-dekabrga qadar tegishli asoslarni ilova qilgan holda soliq organlariga taqdim etadi.
Maʻlumot uchun, qishloq xoʻjaligi korxonasi hisoblanmaydigan soliq toʻlovchilar noqishloq maqasadlarida foydalanilgan suv resusrlari uchun vakolatli organ tomonidan taqdim etilgan suv hajmini mustaqil kiritgan holda qonunchilikda belgilangan muddatlarda soliq hisobotlarini taqdim etadi.
Eslatib oʻtamiz, soliq organi tomonidan shakllantirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda soliq toʻlovchi tomonidan tasdiqlanmaganda yoki qayta ishlangan holda taqdim etilmaganda, soliq toʻlovchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etilmaydi.
Resurs soliqlar ma’muriyatchiligi boshqarmasi
