Egallangan yerlar va ulardagi bino, inshootlar uchun yer solig‘i qayta hisob-kitob qilinadi
2024-08-19 13:25:00 / Press-relizlar
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlar belgilangan talablarga mosligi elektron yig‘majild asosida vakolatli tashkilotlar tomonidan 2 oy muddatda o‘rganib chiqiladi.
Agar yer va mol-mulk soliqlaridan qarzdorlik mavjud bo‘lsa, 2 oy muddatda bartaraf etilishi lozim.
Bu haqdagi xabarnoma qarzdorning yashash manziliga yozma shaklda hamda uning telefon raqamiga SMS-xabar tarzida yuboriladi. Bunda vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘rganish uchun belgilangan 2 oylik muddat to‘xtatib turiladi.
To‘liq shakllantirilgan elektron yig‘majild ma’lumotlari –
▫️Mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari e’lonlar burchagi,
▫️Kadastr agentligining rasmiy veb-sayti va boshqa axborot manbalari orqali jamoatchilikka e’lon qilinadi.
Yer uchastkalariga huquqlarni e’tirof etish Adliya vazirligi tomonidan maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, tegishli shaxslarning telefon raqamiga 20 ish kuni ichida bir martalik to‘lovni to‘lash to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi.
To‘lov belgilangan muddatlarda to‘lanmasa, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi ish to‘xtatiladi.
To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng elektron yig‘majild 3 oy ichida Xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida muhokama qilinadi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risidagi qarorlar rasmiy e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.
Huquq belgilash jarayoni tugagandan so‘ng, fuqarolar tomonidan kadastr organlariga huquqni ro‘yxatga o‘tkazish uchun murojaat qilinadi.
Huquqlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgach, yangilangan ma’lumotlar davlat soliq organlariga real vaqt rejimida elektron shaklda taqdim etiladi.
👉 Soliq kodeksi 133-modda
Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari kadastr ma’lumotlari asosida qayta hisob-kitob qilinadi.
👉Soliq kodeksi 423 va 439-moddalari
Bunda, soliq organlari huquq belgilash qarori qabul qilingan kundan boshlab mazkur yer uchastkalariga Soliq kodeksida belgilangan tartib asosida hamda mahallalarga belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda yer solig‘ini (bir karra) hisoblaydi.
