KONSTITUTSIYA

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizning asosiy qonuni bo‘lib, davlat va jamiyat hayotining barcha muhim yo‘nalishlarini tartibga soluvchi oliy huquqiy hujjat hisoblanadi. Konstitutsiya davlat tuzilishi, hokimiyat organlari tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek jamiyat va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning asosiy prinsiplari va qoidalarini belgilab beradi.
Konstitutsiya ustuvorligi prinsipi mamlakatda qonuniylik, adolat va huquqiy tartibotni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi. Barcha normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lishi shart.
1992-YIL 8-DEKABRDA QABUL QILINGAN KONSTITUTSIYA
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabr kuni qabul qilingan bo‘lib, u mustaqil O‘zbekiston davlatining huquqiy asoslarini yaratishda muhim tarixiy ahamiyat kasb etdi. Mazkur Konstitutsiya mamlakatimizning suverenitetini mustahkamlash, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
1992-yilgi Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat sifatida e’tirof etildi. Unda davlat hokimiyatining bo‘linishi prinsipi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining mustaqil faoliyati belgilab berildi. Shuningdek, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari keng qamrovda mustahkamlandi.
Mazkur Konstitutsiya milliy davlatchilik an’analari va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga asoslangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, u mamlakatimiz taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida muhim huquqiy poydevor vazifasini bajardi.
YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYA
Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida Konstitutsiya zamon talablari, ijtimoiy-siyosiy islohotlar hamda xalq manfaatlaridan kelib chiqib takomillashtirildi va yangi tahrirda qabul qilindi.
Yangilangan Konstitutsiyada inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati eng oliy qadriyat sifatida yana-da mustahkamlandi. “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Bu esa davlat organlari faoliyatining bosh maqsadi fuqarolarning farovon hayotini ta’minlashdan iborat ekanini anglatadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada quyidagi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
-
fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini kuchaytirish;
-
ijtimoiy davlat prinsipini mustahkamlash va aholining ijtimoiy himoyasini kengaytirish;
-
ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya va ijtimoiy ta’minot sohalarini rivojlantirish;
-
davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash;
-
fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirish;
-
sud-huquq tizimini yanada mustaqil va adolatli qilish.
Shuningdek, Konstitutsiyada davlat va jamiyat boshqaruvida zamonaviy yondashuvlar, inson manfaatlariga xizmat qiluvchi mexanizmlar hamda barqaror rivojlanishni ta’minlovchi huquqiy normalar o‘z ifodasini topdi.
