O‘zbekkosmos: endi navbat noqonuniy sholi yoqishga keldi!
2025-10-13 13:45:00 / Yangiliklar

“O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan olib borilgan tahlillarga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakatimizdagi sholi hosilidan bo‘shagan dalalarda qoldiqlarni noqonuniy yoqib yuborish bilan bog‘liq 38 ta holat aniqlanib, 500,3 gektar maydon zarar ko‘rgan. Bu Sirdaryo viloyati (30 ta holat 421,9 gektar) va Toshkent viloyati
(8 ta holat 78,4 gektar) hududlariga to‘g’ri kelmoqda. Bir qarashda bu yerni “tozalash” usulidek ko‘rinsa-da, aslida juda jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqaradi.

Xususan, sholi yoqish jarayonida atmosferaga katta miqdorda uglerod gazi, ko‘mirdek oksidlar va zararli moddalar tarqaladi. Bu havo ifloslanishiga, iqlim o‘zgarishi jarayonlarining tezlashishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, yaqin atrofdagi aholi uchun bu holat nafas olish tizimi kasalliklarini kuchaytiradi. Qolaversa, yoqilgan yer yuzasining yuqori qatlamidagi mikroorganizmlar nobud bo‘ladi. Bu esa keyingi mavsumdagi hosildorlikni pasaytirib, tabiiy gumusning kamayishi va yerning biologik faolligi so‘nishiga olib keladi.

Qayd etish lozim, sholi o‘rimidan bo‘shagan maydonlarni tez va arzon yo‘l bilan yoqib yuborishga bo‘lgan harakat O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha jarimalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi. Zarar miqdori katta bo‘lgan taqdirda hattoki jinoiy javogarlikkacha olib borishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekkosmos” agentligi ushbu holatlarni sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali kunlik monitoring qilib boradi. Ogoh bo‘ling, mamlakatimizning eng qimmatli resurslaridan bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekin yerlariga har qanday turdagi zarar yetkazishdan saqlaning. Barcha jarayonlar nazorat ostida.

Bu kabi vaziyatlarga qarshi kurashishda va ularning oldini olishda mahalliy hokimlik hamda irodalardan ham faolroq bo‘lishlarini so‘rab qolamiz.
Yurtdoshlarimiz shu kabi salbiy holatlarga guvoh bo‘lishganida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 1207 ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.
“O‘zbekkosmos” agentligi Axborot xizmati.
