“O‘zbekkosmos” agentligida korrupsiyaga qarshi kurashishga doir ishlar
2026-10-19 12:00:00 / Yangiliklar

Bugun mamlakatimizda zamonaviy va samarali boshqaruv tizimini joriy etish, davlat xizmatchilarida korrupsiyaviy holatlarning barcha ko‘rinishlariga qat’iy chidamsizlik ruhiyatini shakllantirish, xalq manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash kabi yuksak g‘oyalar asosida ishlar olib borilmoqda. Albatta, ushbu islohotlarning tub zamirida muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan ustuvor g‘oya asosiy tamoyil sifatida xizmat qilmoqda.
Bu o‘rinda islohotlarning chinakam natijadorligiga erishish maqsadida davlat va jamiyatning har bir sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini izchil ta’minlab borish alohida ahamiyatga ega. Xorijiy amaliyot tahlili shuni ko‘rsatdiki, bozor iqtisodiyoti qonunlarga asoslangan mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining xalqaro standartlar, qonun hujjatlari va boshqa zamonaviy usullarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini ta’minlovchi muhim vositalardan biri o‘z tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat tizimini tashkil etish hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorati – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me’yoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o‘zida mujassam etgan profilaktik tizimdir.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan ushbu sohada belgilangan asosiy vazifalardan biri etib, ustav jamg‘armasida davlat ulushi bo‘lgan korxona va tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat tizimini joriy etish va uning samaradorligini tizimli monitoringini amalga oshirish vazifasi belgilandi.
Ayni shundan kelib chiqqan holda “O‘zbekkosmos” agentligi va uning muassisligidagi “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi”da monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy qilindi va uning ishlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Uning asosiy vazifasi sifatida esa quyidagilar belgilandi.
Xususan, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishini monitoring qilish, faoliyatga tegishli materiallarni tahlil etish, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini cheklaydigan normalarni aniqlashga qaratilgan ichki hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan choralarni ishlab chiqish, monopoliyaga qarshi komplayens tizimining faoliyat yuritishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha boshqa tuzilmaviy bo‘linmalar bilan o‘zaro aloqalarni muvofiqlashtirish, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilish bilan bog‘liq ichki o‘rganish ishlarini tashkil etish va boshqalar.
Shu bilan birga, Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazida doimiy tarzda xodimlar o’rtasida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishining oldini olish va muntazam ravishda ushbu yo‘nalish bo‘yicha ularning malakasini oshirish maqsadida o’quv seminarlari va treninglar o‘tkazib kelinadi.
Bir so’z bilan aytganda, faoliyatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha komplayens nazorat tizimining joriy etilishi qator samarali omillarga xizmat qilmoqda. Jumladan, mazkur tizim korrupsiya xavf-xatarlarini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, ularning oqibatlarini va imkon beruvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish, ularni minimum darajaga tushirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
