“O‘zbekkosmos” vakillari Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari bilan uchrashdi
2026-10-08 19:30:00 / Yangiliklar

Butunjahon kosmos haftaligi doirasidagi tadbirlar davomida “O‘zbekkosmos” Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi vakillari Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining professor-o‘qituvchilari hamda talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga “O‘zbekkosmos” agentligining faoliyati, asosiy maqsad va vazifalari, ish yo‘nalishlari, shuningdek, kosmik texnologiyalar va tadqiqotlar sohasida amalga oshirilayotgan hamda istiqboldagi loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Ayniqsa, Yerni masofadan zondlash ma’lumotlaridan turli sohalarda — qishloq xo‘jaligi, ekologik monitoring, yer resurslaridan oqilona foydalanish, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda amaliy foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Agentlik vakillari, shuningdek, kosmik monitoringning zamonaviy imkoniyatlari va O‘zbekistonda kosmik sohani rivojlantirish istiqbollari haqida so‘zlab, yosh mutaxassislarni tayyorlash hamda talabalarni zamonaviy ilmiy-texnologik loyihalarga jalb etish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv ochiq muloqot shaklida o‘tdi. Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari Agentlik faoliyatiga katta qiziqish bildirib, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish, kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, sohadagi kasbiy imkoniyatlar va hamkorlik istiqbollari yuzasidan ko‘plab savollar berdi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning kosmik sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, “O‘zbekkosmos” agentligi va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mamlakat kosmik sohasini kelgusida rivojlantirish uchun malakali kadrlar salohiyatini shakllantirishga xizmat qiladi.




