“Savodxon tashkilot – savodli jamiyat” shiori ostida diktant tadbiri o‘tkazildi
2026-10-07 16:55:00 / Yangiliklar

Savodxonlik – nafaqat shaxsiy bilim va ko‘nikmaning, balki tashkilotning ish yuritish madaniyati va kasbiy faoliyatining ham muhim ko‘rsatkichidir. Davlat tilida hujjatlarni to‘g‘ri va savodli rasmiylashtirish tashkilot faoliyatining samaradorligi hamda ishchanlik nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning 7-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekkosmos” agentligida “Savodxon tashkilot – savodli jamiyat” shiori ostida beg‘araz diktant tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi davlat tilida ish yuritish jarayonida agentlik xodimlarining yozma savodxonligini oshirish, imlo va tinish belgilariga oid bilimlarini mustahkamlash, shuningdek, o‘zbek adabiy tilining me’yorlariga rioya qilish ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishdan iborat.
“Savodxon tashkilot – savodli jamiyat” shiori ostida tashkil etilgan ushbu tadbir agentlik xodimlarining davlat tiliga bo‘lgan e’tiborini yanada kuchaytirish, ona tilimizning nufuzini oshirish va til me’yorlariga amal qilish mas’uliyatini yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirda Agentlik xodimlari faol ishtirok etib, o‘zlarining ona tilidagi savodxonlik darajalarini sinovdan o‘tkazdilar. Diktant jarayonida ishtirokchilarning so‘zlarni to‘g‘ri yozishi, grammatik va imlo qoidalariga amal qilishi, tinish belgilaridan o‘rinli foydalanishi hamda yozma nutq madaniyatiga e’tibor qaratishi baholandi.
Bunday ma’rifiy tadbirlarning muntazam tashkil etilishi agentlik xodimlarining yozma nutqini takomillashtirish, davlat tilida ish yuritish sifatini oshirish va jamiyatda tilga hurmat ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.





