Birinchi qo‘ng‘iroq – kelajak sari ilk qadam
2026-09-02 14:55:00 / Yangiliklar

Bugun yurtimiz bo‘ylab barcha ta’lim muassasalarida "Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz" shiori ostida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari tashkil etildi. Ushbu kun, ayniqsa, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan o‘quvchilar uchun hayajonli va unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi.
Xususan, Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan 305-sonli umumta’lim maktabida ham yangi o‘quv yili tadbiri tashkil etildi. Unda Uzcosmos agentligi vakili ishtirok etib, o‘quvchilarga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda "O‘zbekkosmos" agentligi tomonidan yangi avlod muhandislarini tayyorlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yondashuv maktabdan boshlab universitetgacha bo‘lgan ta’lim bosqichlarini qamrab olib, yoshlarning texnik va muhandislik yo‘nalishlariga qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
"O‘zbekkosmos" agentligi jamoasi barcha yoshlarni yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etib, o‘qishlarida yuqori natijalar va kelgusidagi maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida omadlar tilaydi.





