"Mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar hamda yoshlarga oid davlat siyosati natijalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot va vatanparvarlik uchrashuvi” tadbiri tashkil etildi
2026-08-27 15:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida "O‘zbekkosmos" agentligi tomonidan “Mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar hamda yoshlarga oid davlat siyosati natijalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot va vatanparvarlik uchrashuvi” tadbiri tashkil etildi.
Tadbir "O‘zbekkosmos" agentligi va yoshlar kosmik klubi ArticularUZ hamkorligida maktab o‘quvchilari uchun tashkil etilgan maxsus tematik dastur bilan davom etdi.
Uchrashuv davomida o‘quvchilar O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosati, kosmik sohaning rivojlanishi, zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan haqida fikr almashdilar. Shuningdek, yoshlarning mamlakatning ilmiy va texnologik kelajagini shakllantirishdagi o‘rni haqida suhbatlashildi.
Tadbirning eng qiziqarli qismlaridan biri kosmik seminar bo‘ldi. Ishtirokchilar jamoalarga bo‘linib, kosmik mavzularda ishladilar, o‘z g‘oyalarini muhokama qildilar va yakunda natijalarini taqdim etdilar.
Mazkur jarayonda o‘quvchilar nafaqat kosmos haqidagi bilimlarini kengaytirdilar, balki jamoada ishlash, tanqidiy fikrlash, muloqot qilish va o‘z fikrlarini omma oldida ifodalash ko‘nikmalarini ham rivojlantirdilar.
Zero, mustaqil O‘zbekistonning kelajagi - ilmga qiziqadigan, yangilik yaratishga intiladigan va katta maqsadlar sari dadil qadam tashlaydigan yoshlar qo‘lida.





